Farg‘onada “General va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi

0
957

Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari Fargʻona garnizonidagi harbiy qismda “General va yoshlar uchrashuvi” boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda “Armiya vatanparvarlik va jasorat maktabi” shiori ostida tashkil etilgan “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik yigʻini ishtirokchilari, viloyat yoshlari, Yoshlar ittifoqi Fargʻona viloyat kengashi hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Aybek Saidov muloqot davomida bugungi kunda yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor hamda milliy armiyamizda olib borilayotgan islohotlar mavzusiga toʻxtalib oʻtdi.

Samimiy ruhda kechgan uchrashuv davomida okrug qoʻshinlari qoʻmondoni yoshlarga harbiy xizmatga qanday kirib kelgani, faoliyati davomida oʻrnak boʻladigan qiziqarli voqealar haqida soʻzlab berdi.

Tadbir davomida bugungi kunda Qurolli Kuchlarimizda yoshlarga beriladigan imkoniyatlar va imtiyozlar, shuningdek, oliy harbiy bilim yurtlari hamda ularga kirish tartibi boʻyicha berilgan koʻplab savollarga javob qaytarildi. 

Yigʻilganlarga madaniy hordiq ulashish maqsadida harbiy orkestr jamoasi hamda xushovoz xonandalar tomonidan diltortar qoʻshiqlar ijro etilib, tadbirning yanada yuqori kayfiyatda oʻtishiga xizmat qildi.

Tadbir soʻnggida bir guruh faol yoshlarga okrug qoʻshinlari qoʻmondonining esdalik sovgʻalari topshirildi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting