Bolalarning dam olish mavsumi boshlandi

0
1362

Umumtaʼlim maktablarida oʻquv yili yakunlangach, bolajonlar yozgi taʼtilda soya-salqin, bahavo maskanlarda miriqib hordiq chiqarishga chogʻlanadi. “Tong” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi ana shunday soʻlim goʻshalardan biridir. Mudofaa vazirligi tasarrufidagi ushbu maskan Boʻstonliq tumani Xondayliq qishlogʻidagi 7,7 gektar maydonni qamrab olgan. Yozgi taʼtil mavsumining dastlabki smenasida ushbu soʻlim goʻsha harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar xizmatchilarining 300 nafardan ziyod farzandiga oʻz bagʻrini ochdi.

Mudofaa vazirligi harbiy okruglaridan oromgohning dastlabki smenasi uchun roʻyxatga olingan dam oluvchilar Harbiy avtomobil nazorati koʻmagida manzilga yetib keldi. Bolalarning bir olam shodligini yuz-u koʻzlaridan bilish mumkin.

Ushbu xushmanzara va bahavo maskan joriy yilda yozgi mavsum uchun shay holatga keltirildi Bu yerda tibbiyot punkti, shinam yotoqxona, kutubxona, oshxona, stadion, amfiteatr, suzish havzasi va toʻgarak xonalari bolajonlarning taʼtil vaqtini sermazmun oʻtkazishga zamin yaratadi. Dastlabki smenaga qabul qilingan bolalar yosh toifasiga koʻra, guruhlarga boʻlinib, ularga alohida tarbiyachilar biriktirilgan. Bolajonlar oʻz qiziqishiga koʻra, besh tashabbus doirasidagi oʻndan ortiq toʻgaraklarda bilim va koʻnikmalarini oshiradi. Qurolli Kuchlar davlat muzeyining koʻchma koʻrgazmalari, sport boʻyicha turli mahorat darslari oʻgʻil-qizlarning yozgi taʼtil davrini qiziqarli va esdaqolarli oʻtkazishga xizmat qiladi.

– Suzish – bolalar uchun sevimli mashgʻulot. Suzish boʻyicha murabbiy suv havzasidagi texnik va xavfsizlik qoidalarini tushuntirganidan keyin bolalar birin-ketin suvga shoʻngʻiydilar. 400 kub sigʻimga ega suzish havzasining boʻyi 130 santimetr boʻlib, suvi doimiy filtdan oʻtkazib turiladi, – deydi oromgoh shifokori Dilnoza Ubaydullayeva.

Oshxonada esa tabiiy vitamin va darmondorilarga boy tansiq taomlar har qanday kichkintoyning ishtahasini ochadi. Mohir oshpazlar xoʻrandalar uchun mazali yeguliklarni tayyorlash va tortishda sanitariya-epidemiologiya talablariga qatʼiy eʼtibor qaratmoqda.

Oromgohda bolalarni sogʻlomlashtirish va dam oldirish tizimli yoʻlga qoʻyilgan. Buning uchun bolajonlarning oromgohda oʻtadigan kunlari maʼnaviy, estetik va jismoniy sifatlarni takomillashtirishga oid alohida shior asosida tashkil etilmoqda. Xilma-xil toʻgaraklarning uzluksiz faoliyat olib borishi uchun zarur sharoit va jihozlar bilan taʼminlangan. Jadval asosida kichik guruhlarning jamoaviy va intellektual oʻyinlari, koʻrgazmali chiqishlari namoyish etiladi.

Shuningdek, Samarqand viloyati Urgut tumanidagi “Omon Quton” mahallasida joylashgan Mudofaa vazirligiga qarashli “Yoqub Tursunov” nomidagi bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi 150 ga yaqin oʻsmirni oʻz bagʻriga qabul qildi. Bu yerda oʻgʻil-qizlarning maroqli hordiq chiqarishlari, mashgʻulotlarda qatnashishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh tashabbus ijrosi doirasida bolalarning kitobxonlik, sport, sanʼat bilan shugʻullanishlari va turli toʻgaraklarda ishtirok etishlariga alohida eʼtibor qaratilgan. Ular oʻrtasida turli koʻrik-tanlov va musobaqalar oʻtkazilib, yakunda gʻolib va sovrindor bolajonlar munosib ragʻbatlantrilyapti. Harbiy orkestr sadolari ostidagi kuy-qoʻshiqlar bolajonlar tomonidan tayyorlangan quvnoq oʻyin-kulgilarga ulanadi.

Yozgi taʼtil kunlarini oromgohda oʻtkazayotgan oʻgʻil-qizlar uchun harbiy xizmatchilar tomonidan uyushtirilgan konsert dasturi barchani raqsga chorlasa, turli jamoaviy oʻyinlar bolajonlarga oʻzgacha zavq ulashib, kunning mazmunli oʻtishini taʼminlamoqda. Ayniqsa, qoʻgʻirchoq teatri aktyorlari tomonidan tayyorlangan sahna koʻrishlari bolajonlar uchun unutilmas onlarni tuhfa etmoqda.

Katta leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting