Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari ishtirokida o‘quv-uslubiy mashg‘ulot

0
863

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tashabbusi bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Xorazm viloyatidagi umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalaridagi chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari uchun bir kunlik oʻquv-uslubiy mashgʻulot oʻtkazildi.

Taʼlim-tarbiya jarayonini tashkillashtirish va olib borish sifatini yanada oshirish, chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari bilan uslubiy mahoratni takomillashtirish borasida toʻplangan tajribalar bilan oʻzaro oʻrtoqlashish hamda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning ilgʻor usullarini targʻib etish va amaliyotda qoʻllash masalalariga yagona tarzda yondashilishini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan mashgʻulotlar “Nukus” hamda “Yangiariq” dala oʻquv maydonlarida boʻlib oʻtdi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi barcha tuman (shahar)laridan jami 590 nafar, Xorazm viloyatidan esa 431 nafar chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari yigʻinda ishtirok etdi.

Mashgʻulot ishtirokchilari oʻqotar qurollarni notoʻliq qismlarga ajratish va yigʻish, ommaviy qirgʻin qurollaridan himoyalanish vositalaridan foydalanish, harbiy topografiya, taktika, saf tayyorgarligi, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish kabi mashgʻulotlarda ishtirok etib, oʻzlari amalda mashq bajardi.

Bir necha yillardan buyon anʼana tusiga kirgan bu kabi mashgʻulot va yigʻinlarning samarali natijasi oʻlaroq, harbiy xizmatga borish istagini bildirayotgan yoshlar safi kundan-kunga ko‘payib bormoqda. Navbatdagi oʻquv-uslubiy mashgʻulot vatanparvar yoshlarni tarbiyalashda munosib hissa qoʻshayotgan qoraqalpogʻistonlik va xorazmlik oʻqituvchilarning amaliy bilimlarini oshirishda xizmat qilgani shubhasiz.

Mashgʻulot soʻnggida yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan oʻqituvchilar Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni tomonidan ragʻbatlantirildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati