“Vatanparvar” tashkiloti — bolalar nigohida

0
556

1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Buxoro viloyati kengashi tasarrufidagi Buxoro shahar O‘quv sport texnika klubida xodimlarning farzandlari, mahallalarda istiqomat qilayotgan bolalar va yoshlar ishtirokida harbiy-vatanparvarlik tadbiri o‘tkazildi.

Tadbir boshida so‘zga chiqqan tashkilotning Buxoro viloyati kengashi raisi Rustam Bayozov va Qurolli Kuchlar faxriylari bolalarni bayram bilan samimiy muborakbod etib, ularga kelajakda ma’nan va jismonan yetuk, vatanparvar inson bo‘lib yetishishlarini tiladilar.

So‘ngra tadbir harbiy orkestr va “Barkamol avlod” bolalar markazi huzuridagi “Feruza” raqs ansambli ijrosidagi kuy-qo‘shiqlarga ulanib ketdi.

Tashrif buyuruvchilarga “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi sportning texnik va amaliy turlari seksiyalari ko‘rgazmalari namoyish etildi. Ularga, shuningdek, tajribali sport murabbiylari tomonidan avia va raketa modellarini yasash bo‘yicha master-klass o‘tildi.

Ayniqsa, bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan “Men nechun sevaman O‘zbekistonni?” mavzusidagi rasm tanlovi va “Yo‘l harakati bilimdoni” konkursi hamda shaxmat-shashka, stol tennisi bo‘yicha musobaqalar ular uchun olam-olam quvonch va unutilmas taassurotlarni hadya etdi.

Tadbir yakunida tanlov va bellashuvlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan hamda faol qatnashgan bolalarga “Vatanparvar” tashkilotining faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting