“Ajdodlar izidan” intellektual oʻyinining vazirlik bosqichi gʻoliblari aniqlandi

0
503

Bugun, 31-may kuni Qurolli Kuchlar akademiyasida “Ajdodlar izidan” intellektual turnirining Mudofaa vazirligi bosqichi boʻlib oʻtdi. Unda barcha okruglardan kelgan jamoalar oʻzaro kuch sinashdi.

Ushbu intellektual uyinini oʻtkazishdan asosiy maqsad – yosh harbiy xizmatchilar, xodimlar va kursantlarning milliy davlatchiligimiz vujudga kelishi va taraqqiy topgan davrlarda harbiy sohada erishilgan yutuqlar shon-shuhratini tarixiy dalillar asosida zamondoshlar ongi-xotirasida mustahkamlash va imkon qadar keng ommaga yetkazish, ayniqsa, jang sanʼati sirlarini oʻrganishda kitob oʻqishning ahamiyatini oshirishdan iborat.

Bu galgi oʻyinning muhimligi shunda ediki, Mudofaa vazirligi bosqichida gʻolib chiqqan jamoa Respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritadi. Bunda gʻolib jamoa turli kuch tuzilmalarining sara jamoalari bilan chinakam ilm bahsiga kirishadi. Shuni teran his qilgan jamoalar bor imkoniyatlarini ishga solib, gʻoliblik sari olgʻa harakat qilishdi.

Intellektual oʻyin ikki boʻlimdan iborat boʻlib, har bir boʻlimda 15 tadan jami 30 ta savol oʻynaldi. Boʻlimlar oraligʻida jamoalarga dam olishlari uchun 5 daqiqa vaqt berildi.

Jamoalar jarima ballari uchun jamoa aʼzolarining bir nafar vakilini oʻyin stolidan chetlatishi, jamlangan ballar evaziga oʻyinni tark etgan jamoa aʼzosini oʻyinga qaytarishi, shuningdek, boshqa bir jamoaning bir ishtirokchisini oʻyindan chetlatishi mumkin boʻldi.

Musobaqaning umumiy natijalariga koʻra 1-oʻrinni Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug, 2-oʻrinni Sharqiy harbiy okrug va 3-oʻrinni Toshkent harbiy okrugi jamoasi egalladi.

Endi gʻolib jamoa oʻyinning respublika bosqichida oʻz shaʼnini himoya qiladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting