Harbiy tibbiyotning dolzarb masalalari muhokama qilindi

0
1392

29-30-may kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tibbiy taʼminot xizmati rahbariyati tarkibi oʻquv-uslubiy yigʻini hamda harbiy tibbiyotning dolzarb masalalariga oid ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi.

Yigʻinni mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev ochib berdi. U oʻz nutqida sohada soʻnggi yillarda qoʻlga kiritilgan yutuqlar, qilingan amaliy ishlar hamda kelgusi rejalar, tizimda mavjud kamchiliklar va ularni oʻz vaqtida bartaraf etish yuzasidan fikrlarini bildirdi.

Shundan soʻng “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoʻshinlari tibbiy taʼminotining 2022/2023-oʻquv yili yakuni”, “Mudofaa vazirligi tizimi, shuningdek, tibbiy taʼminot xizmatida uchrashi mumkin boʻlgan korrupsiogen omillar va ularning oldini olish tadbirlari”, “Harbiy xizmatchilarni davolash-sogʻlomlashtirish tadbirlarining hozirgi holati, tizimli muammolar va takliflar” kabi mavzularda maʼruzalar tinglanib, muhokama qilindi.

Harbiy xizmatchilarga tibbiy xizmat koʻrsatish jarayonida yoʻl qoʻyilgan tibbiy nuqsonlar, qoʻshinlarda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash tadbirlarining tahlili, jarrohlik yordam koʻrsatishni tashkillashtirish yoʻnalishlaridagi muammoli masalalar oʻrganilib, takliflar tinglandi.

Ikkinchi kun esa harbiy tibbiyotning dolzarb masalalariga oid ilmiy-amaliy anjumani tashkil qilindi. Mazkur anjuman doirasida “Shaxsiy tarkib orasida ovqatdan zaharlanish profilaktikasi”, “Oʻtkir yuqumli ichak kasalliklarining labaratoriya tashhisotiga zamonaviy yondashuvlar”, “Shaxsiy tarkib orasida oftob (issiq) urishining oldini olish chora-tadbirlari” kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi. Anjuman yakunida muhokamalar boʻyicha xulosa va takliflar eshitildi. 2023/2024-oʻquv yilidagi vazifalar belgilab olindi.

Roʻziqul OCHILOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting