Qoʻl jangida mohirlar aniqlandi

0
1666

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning oliy harbiy taʼlim muassasalari kursantlari oʻrtasida qoʻl jangi musobaqasi oʻtkazildi.

Qurolli Kuchlar akademiyasi mezbonlik qilgan bellashuv harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan davlat madhiyasi bilan boshlandi.

Tadbirning tantanali ochilish marosimida akademiya boshligʻi polkovnik Bobur Shoyoqubov va boshqalar harbiy xizmatda jismoniy tayyorgarlik va sport nafaqat kundalik faoliyat turi, balki qoʻshinlar jangovar tayyorgarligining asosiy qismi ekanini taʼkidladi.

Musobaqadan koʻzlangan maqsad “Milliy iftixor, burchga sadoqat va jasorat” tamoyili asosida harbiy xizmatchilarning jismoniy koʻnikmalarini ham nazariy, ham amaliy jihatdan yuksaltirish, sogʻlom raqobat muhitini yaratish va bu orqali harbiy xizmatchilarning oldida turgan maqsad va vazifalarni bajarishga mardlik va jasorat bilan yondashishlariga turtki berishdan iborat.

Bellashuvda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi, Qurolli Kuchlar akademiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti va Bojxona instituti kursantlari kuch sinashdi. Shiddatli bahslarni Oʻzbekiston qoʻl jangi federatsiyasidan xalqaro toifadagi hakam Abdurashid Rahimov, Saidmurod Almatov singari tajribali mutaxassislar boshqarib bordi.

Ishtirokchilar -57, -62, -67, -73, -80, -88 kilogramm vazn toifalarida gilamga tushdilar. Berilgan toʻrt daqiqa davomida chapdastlik, tezkorlik kabi omillar, aniq va kuchli zarbalar sportchilar muvaffaqiyatini taʼminladi. Yakuniy natijalarga koʻra, umumjamoa hisobida Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari faxrli 1-oʻringa sazovor boʻldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi ikkinchi va Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi esa uchinchi pogʻonani egalladi.

Qizgʻin va murosasiz bahslar soʻngida -57, -62 va -67 kg vazn toifalarida Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari Umidjon Oxunov, Javohir Qahhorov va Asadbek Sattorov, -73 kg vaznda Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi kursanti T.Nurmuhammadov, -80 va -88 kg vazn toifalarida esa Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi kursantlari Mirjalol Oʻtkirov hamda Ixtiyor Asrorov 1-darajali diplom, medal va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Katta leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting