Xalqaro oila kuni tantanali nishonlandi

0
717

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug boshqaruv apparati madaniyat saroyida Xalqaro oila kuni munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.

Oila – vatan ichra kichik vatan. Unda orzular uygʻonadi, jism va ruh sayqal topadi. Vatan, ona singari yuksak soʻzlar magʻzi hamohang yurakka jo boʻladi. Harbiylar oilasida esa ana shunday vatanparvarlik hissiga yoʻgʻrilgan muhit yanada kuchliroq shakllangan.

“Aziz oilam — baxtim timsoli!” shiori ostida oʻtgan shodiyonalarda okrug qoʻmondonligi harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ishtirok etdi. Okrugda faoliyat olib borayotgan harbiy xizmatchilar hamda qurolli kuchlar xizmatchilarining farzandlari tomonidan ota-onalari tomon yoʻllangan sheʼriy guldastalar haqiqiy bayram tuhfasi boʻldi.

Hamjihatlik va sogʻlom muhit barqaror boʻlgan oila har jihatdan barkamol hamda Vatan ravnaqiga kamarbasta boʻla oladigan farzandlarni ulgʻaytiradi. Ruhini yuksak tarbiya bilan oziqlantirib, jismini bilim va hunar bilan ziynatlaydi.

Tadbir mohiyati ham ana shunday oilalarni eʼtirof etish, ulardagi ijobiy koʻnikmalarni keng targʻib qilishga qaratilgan. Ushbu maqsadlar koʻrsatilayotgan sahna koʻrinishlari va ijodiy chiqishlarda ham namoyon boʻldi.

Mahallada oʻzining namunali xulqi va faolligi bilan namuna koʻrsatib kelayotgan oilalar okrug qoʻmondonligi tomonidan taqdirlandi.

Shuningdek, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi tomonidan Nukus garnizoni harbiy qism kutubxonasida sana munosabati bilan tashkil etilgan “Ayolga ehtirom – baxtli oila kaliti” nomli davra suhbatida Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artistlari Rayxan Saparova hamda Bazarbay Nadirovning turmush oʻrtogʻi Xalbike Akimniyazova, harbiy xizmatchilarning oilalari bilan ishlash boʻyicha yetakchi mutaxassislar hamda harbiy xizmatchilar va ularning turmush oʻrtoqlari ishtirok etdi.

Qiziqarli va mazmunli kechgan suhbat davomida mehmonlar oʻzlarining uzoq yillik baxtli hayot sirlaridan soʻz ochdi. Oila munosabatlarida er va xotin vazifasi, farzand tarbiyasida ota-onaning roli kabi muhim va dolzarb mavzularda yosh oilalarga maslahat va tavsiyalardan oʻrtoqlashdi.

15-may – “Xalqaro oila kuni” munosabati bilan yosh avlodni Vatanga muhabbat ruhida tarbilayalashga munosib hissa qoʻshib kelayotgan ibratli oilalarni taqdirlash va ragʻbatlantirish maqsadida “Yangi Oʻzbekistonning ibratli oilasi” koʻrik-tanlovi tashkil etilgan. Termiz shahridagi ”Yoshlar markazi”da mazkur koʻrik-tanlovning viloyat bosqichida gʻolib boʻlgan oilalarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Mazkur tadbirda Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug Janubiy operativ qoʻmondonligi tasarrufidagi harbiy qismlar harbiy xizmatchilari va ularning oila aʼzolari ham ishtirok etib, “Ibratli harbiylar oilasi” nominatsiyasi boʻyicha kichik serjant Umidjon Karimovlar oilasi taqdirlandi.

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting