Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy sportchilari Koreya Respublikasida oʻquv mashgʻulotlar yigʻinini boshladi

0
1012

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy sportchilar jamoasi hamkorlikdagi oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etish uchun 15-may kuni Koreya Respublikasiga yetib bordi. Ular mamlakat Mudofaa vazirligi rasmiylari tomonidan kutib olindi.

Seul shahridan 250 kilometr uzoqlikda joylashgan Mungeong viloyatida joylashgan Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi Harbiy sport korpusida har ikki davlat harbiy sportchilarining oʻquv mashgʻulotlar yigʻinini oʻtkazish masalalari kelishib olindi.

Shundan keyin oʻzbekistonlik harbiy sportchilar korpusda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

Taʼkidlash lozimki, mazkur oʻquv yigʻini 3 ta sport turi — dzyudo, boks va regbi-7 yoʻnalishlarida tashkil etilgan. Yigʻinning asosiy maqsadi har ikkala davlat murabbiylari va sportchilari oʻrtasida katta musobaqalarga tayyorgarlik koʻrish tajribalarini almashishdan iborat.

Bugun, 16-may kuni harbiy sportchilarimiz Koreya Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy sportchilari bilan birgalikda malakali murabbiylar nazorati ostida mashgʻulotlarga kirishishdi. Yigʻin yakunida ikkala davlat oʻrtasida 3 ta sport turi boʻyicha doʻstona musobaqalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Katta leytenant Ruyiddin Bobomurodov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Koreya Respublikasi, Mungeong viloyati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting