Kursantlar oʻrtasidagi VIII xalqaro olimpiada boshlandi

0
1196

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi oʻquv jarayonini taʼminlash bazasida MDHga aʼzo davlatlar oliy harbiy taʼlim muassasalari kursantlari oʻrtasida harbiy-kasbiy tayyorgarlik boʻyicha VIII xalqaro olimpiadaga start berildi.

Bellashuvning ochilish marosimida soʻz olganlar oldinda turgan bahslarda jamoalarga ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Umidli sportchilarning oʻziga xos chiqishlariyu harbiy xizmatchilarimiz tomonidan namoyish etilgan qoʻl jangi koʻrinishlari barchaga birdek manzur boʻldi.

Ushbu xalqaro olimpiada oliy harbiy taʼlim muassasalari kursantlarining umumnazariy va umumkasbiy tayyorgarligi asosini tashkil etuvchi oʻquv fanlari boʻyicha bilim, koʻnikma va malakalarini namoyish etishga, oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayoni samaradorligini oshirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni takomillashtirishga qaratilgan tanlovdir. Olimpiada harbiy kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ularni kasbiy ragʻbatlantirish, ilmiy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari malakasini oshirish va pedagogik metodikalarini yanada rivojlantirish maqsadida oʻtkazib kelinmoqda.

Taʼkidlash kerakki, ushbu bahslarga ishtirokchilar yuqori darajada tayyorgarlik koʻrgan. Bu dastlabki kundanoq namoyon boʻlyapti. Musobaqani oʻtkazishning muhim jihatlaridan biri jamoalar avvalo, tajriba almashadi, qolaversa, Oʻzbekiston tarixini oʻrganadi. Doʻstlar orttiradi. Bu esa samimiy munosabatlarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Olimpiada ishtirokchilari toʻrt kun mobaynida “Oʻquvda qiyin – jangda oson”, “Kimyoviy himoya”, “Oriyentirlash”, “Oʻt ochib, yakson qilish”, “Duel”, “Mergan”, “Armiya biatloni”, “Qurolsoz”, “Bosib oʻtish”, “Yoʻlak” kabi musobaqalarda oʻz bilim va mahoratlarini sinovdan oʻtkazadilar. Shuningdek, ular 500 metrlik maxsus toʻsiqlar yoʻlagidan oʻtib, xalqaro gumanitar huquq boʻyicha oʻz bilimlarini hamda tibbiy tayyorgarlik boʻyicha koʻnikmalarini namoyish etadilar. Olimpiada doirasidagi tanlov va musobaqalar Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi oʻquv jarayonini taʼminlash bazasi, Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti oʻquv va moddiy-texnik bazasi hamda Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” umumqoʻshin poligonida oʻtkaziladi.

Olimpiada davomida tanlovning murakkab topshiriqlarini muvaffaqiyatli bajarish uchun ishtirokchilardan ijodiy va intellektual kuchlarini jamlash, Vatan himoyachilari uchun muhim boʻlgan maqsad sari intiluvchanlik hamda murakkab vaziyatlarda qatʼiy va toʻgʻri qaror qabul qila olish mahorati talab etiladi.

Musobaqaning qiziqarli, murosasiz kurashlarga boy lahzalari haqida keyingi bosqichlarda batafsil yoritib boramiz.

Bir kun avval Oliy harbiy taʼlim bilim yurtlari kursantlari oʻrtasidagi xalqaro olimpiadaga qurʼa tashlash boʻlib oʻtgan edi. Unda Mudofaa vazirligi Sport markazi vakillari xalqaro toifadagi sport ustalari mayor Nataliya Dolbilina, kapitan Nadiya Dusanova, podpolkovnik Yekaterina Xilko ishtirok etishdi.

Katta leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting