Nukus garnizonida Gʻafur Gʻulom ijodi yodga olindi

0
597

Nukus garnizoni harbiy qism kutubxonasida Oʻzbekiston xalq shoiri, akademik Gʻafur Gʻulom tavalludining 120 yilligi munosabati bilan adabiy kecha oʻtkazildi. Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi adabiy konsultanti Amirlan Seydin, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti “Oʻzbek tili va adabiyoti” kafedrasi katta oʻqituvchisi Mubarek Ataniyazova, yosh ijodkor Sarvinoz Ahmedova hamda muddatli harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Tadbirdan soʻz olganlar, shoirning boy ijodiy merosi haqida soʻzlab berishdi. Shuningdek, oʻzbek adabiyotining yirik vakili Gʻafur Gʻulom hayoti va ijodini chuqur oʻrganish, uni keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida keng targʻib etish lozimligini alohida taʼkidladi.

Oʻzbek sheʼriyatida “Vaqt”, “Kuzatish”, “Sen yetim emassan” kabi sheʼrlari bilan oʻchmas iz qoldirgan ijodkor nafaqat shoir balki “Shumbola” kabi nodir asarni yaratgan yozuvchi, mohir tarjimon va adabiyotshunos olim sifatida oʻquvchilarning koʻnglidan joy olgan ijodkorlardan sanaladi.

U “Otello” va “Qirol Lir” singari jahon adabiyotining klassik asarlarini oʻzbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan. Shuningdek, Pushkin, Lermontov, Griboyedov, Mayakovskiy, Nozim Hikmet, Rustaveli, Nizomiy, Dante, Bomarshe va boshqalarning asarlarini oʻzbek kitobxonlariga oʻz ona tilida yetkaza olgan.

Tadbir davomida askarlar shoirning sheʼrlaridan parchalar keltirib, davra mehmonlari bilan ijodiy muloqotga kirishdi. Qiziqarli va mazmunli oʻtgan adabiy kecha soʻngida Gʻafur Gʻulom ijodi haqidagi hujjatli film namoyish etildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting