Chirchiqdagi harbiy bilim yurtida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi

0
791

So‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida milliy armiyamizning qiyofasi va salohiyati tubdan o‘zgarib bormoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga qodir bo‘lgan, harakatchan va puxta qurollangan qudratli kuchga aylandi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Dunyoda yuzaga kelgan hozirgi murakkab vaziyatda Vatanimiz mustaqilligi va suverenitetini, uning hududiy yaxlitligini ta’minlash, eng qimmatli boyligimiz — jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini barchamiz albatta chugur anglaymiz.

Aynan shuning uchun ham Vatanimiz kelajagi bo‘lmish yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik, yuksak ma’naviy-axlogiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularda harbiy xizmatga hamda Vatanga bo’lgan ezgu tuyg‘ularini shakllantirish uchun Chirchig oliy tank qo‘mondanlik-muhandislik bilim yurtida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.

O‘tkazilgan tadbirda bilim yurti kursantlari, muddatli harbiy xizmatchilar va poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi “Vunderkind” xususiy maktabi o‘quvchi yoshlar ishtirok etishdi. O‘quvchi yoshlar uchun bilim yurti tarixi va bugungi kundagi faoliyatini yoritib beruvchi videorolik namoyish etildi. Kursantlarning ta’lim olishlari va yashashlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, o‘zlari uchun bugungi kunda bo‘lajak ofitserlarga yaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risida ulkan taassurotlar oldi. Shu bilan birga yoshalar bilim yurti muzeyiga tashrif buyurib, u yerda saqlanayotgan eksponatlarni tomosha qilish asnosida muassasa to‘g‘risida yanada ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti