“Dog biatlon”: Mudofaa vazirligi jamoasi mutlaq gʻalabaga erishdi

0
1672

2-may kunidan boshlab Mudofaa vazirligi mutaxassis va xizmat itlarini tayyorlash markazida Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar oʻrtasida “Dog biatlon” musobaqasi oʻtkazildi. Bugun, 6-may kuni gʻolib va sovrindorlar tantanali taqdirlandi.

9-may – Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan mazkur musobaqada Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Milliy gvardiya hamda Davlat bojxona qoʻmitasi jamoalari oʻz xizmat itlari bilan ishtirok etdi.

Yakuniy natijalarga koʻra, Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar oʻrtasida oʻtkazilgan “Dog biatlon” musobaqasida Mudofaa vazirligining erkaklar va ayollar jamoalari mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritib, oʻtgan yilgi natijasini takrorladi.

Shuningdek, umumjamoa hisobida ayollar oʻrtasida oʻtkazilgan bahslarda Mudofaa vazirligining ikkinchi jamoasiga III oʻrin nasib qilgan boʻlsa, II oʻrinni Milliy gvardiya terma jamoasi egalladi. Erkaklar oʻrtasidagi bahslarda esa DXX Chegara qoʻshinlari, Davlat bojxona qoʻmitasi va IIV Qorovul qoʻshinlari jamoalariga III oʻrin nasib qilgan boʻlsa, II oʻrinni Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati jamolari band qilishdi.

Bundan tashqari, musobaqada “Dog biatloni yakka tartibda yugurish”, “300 metrli toʻsiqlardan xizmat itlari bilan oʻtish”, “Gʻalabaga boʻlgan kuchli irodasi uchun”, “Dog biatloni 3200 metr masofaga yakka tartibda yugurish”, “Dog biatlon estafetasi” kabi qator nominatsiyalar boʻyicha ham gʻoliblar aniqlandi.

Musobaqaning yopilish marosimida mudofaa vaziri oʻrinbosari polkovnik Qodirjon Tursunov soʻzga chiqib, yurtimizda bugun har bir sohada yangilanish va oʻzgarishlar amalga oshirilayotganini, xususan, harbiy xizmatchilarning jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarligini oshirish, kasbiy koʻnikmalarini yanada mustahkamlash uchun ham yetarli shart-sharoitlar, qulay imkoniyatlar yaratilayotganini alohida taʻkiladi. Musobaqa gʻoliblari va sovrindorlarining qutlab, kelgusi xizmatlari faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Shundan soʻng, gʻoliblarga diplom, kubok va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti