“G‘alaba bog‘i”dagi xalq sayillari qatorida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

0
707

Inson bor ekan, xotira — muqaddas. Hech kim va hech narsa unutilmaydi. Xalq bugungi tinch-xotirjam zamonni asrab-avaylash, qadriga yetish uchun ham urushni, uning qahramonlarini, gʻalabaga munosib hissa qoʻshgan hech bir kishini xotirasidan forigʻ qilmaydi. 9-may Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Gʻalaba bogʻi”da oʻtkazilayotgan xalq sayillariga kelgan insonlar nigohida bu oʻz aksini topmoqda.

Maʼlumot uchun, bogʻning ochiq hududida ochiq havoda harbiy texnika va qurollarning koʻrgazmasi tashkil qilingan. Bogʻ ekspozitsiyalari bir nechta tematik zonalardan iborat. “Gʻalaba bogʻi” ramziy 12 ta hududga boʻlingan boʻlib, kirish qismi, urushning dahshatli qiyofasi, markaziy xiyobon, temir yoʻl vokzali, front orti hududi, amfiteatr va maʼmuriy bino, “Koʻz yoshi” installyatsiyasi, shod-u xurramlik, shukronalik va gʻalaba hududlari hamda “Shon-sharaf muzeyi”dan tashkil topgan. Bogʻning markaziy xiyoboniga esa Stalingrad jangida paytida ulkan harbiy jasorat koʻrsatgan koʻp sonli qoʻshinni boshqargan general Sobir Rahimov boshchiligidagi urush qahramonlari va qatnashchilari haykali qoʻyilgan.

Ayni kunlarda “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasiga yoshlar va faxriylar, taʼlim muassasalari oʻquvchilari va talabalari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlarining sayohati uyushtirilib, ijodiy jamoalarning chiqishlari hamda turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, uch avlod uchrashuvlari tashkil etilmoqda.

Ana shunday tadbirlar qatorida, bugun, 5-may kuni “Shon-sharaf” davlat muzeyida “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini va front ortida fidokorona mehnat qilganlarni eʼzozlash – Oʻzbekiston Respublikasi ijtimoiy siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri” mavzusida ilmiy-amaliy seminar boʻlib oʻtdi. Unda mudofaa vazirining o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, Oliy Majlis Senati aʼzolari, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi va Oʻzbekiston Yozvchilar uyushmasi xodimlari, tarixchi olimlar va ijodkorlar hamda harbiy xizmatchilar va yoshlar ishtirok etdi. Mazkur seminar ishtirokchilarining “Matonat madhiyasi” monumentiga gul qoʻyish marosimi bilan boshlandi.

Shundan soʻng seminarga taklif qilingan mehmonlar tomonidan mavzu yoʻnalishida, shuningdek, “Vatan oʻz fidoyi farzandlarini unutmaydi”, “Jasorat va matonat shahodatnomasi”, “Ikkinchi jahon urushi mavzusini milliy adabiyotimizda aks ettirilishi”, “Oʻzbekistonliklarning Ikkinchi jahon urushiga qoʻshgan hissasi va “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasining ommaviy axborot vositalarida yoritilishi hamda uning ahamiyati” kabi mavzularda maʼlumotlar berildi. Shu bilan birga, ishtirokchilarning mavzular boʻyicha savollariga seminar spikerlaridan ilmiy asoslangan javoblar olindi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti