Samarqandda 10 nafar urush faxriysining xonadonida tantana

0
899

Xotira shunday ruhiy-maʼnaviy qudratki, u insonning insonligini anglatuvchi, uni oʻtmish va istiqbol bilan bogʻlab turuvchi buyuk qadriyatdir. Bu qadriyat asrlar osha bardavom boʻlib kelayotgan anʼanalarimiz sirasiga kiradi va u xalqimizning nechogʻliq bagʻrikeng, mehr-muruvvatli ekanligini oʻzida ifoda etadi.

Ayniqsa, 9-may – Xotira va qadrlash kuni bayrami munosabati bilan oʻtkaziladigan bayram tadbirlari keksa va kelajak avlodni bogʻlovchi muhuim bir sana hisoblanadi. Ushbu kunda nuroniylar va urush faxriylariga gʻamxoʻrlik koʻrsatish, holidan xabar olish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash harbiy xizmatchilarda ham anʼanaga aylangan.

Bu borada Markaziy harbiy okrugning harbiy xizmatchilari Samarqand viloyatida istiqomat qilayotgan 10 nafar urush faxriysining xonadonlarida boʻlib, ularning holidan xabar olishdi va oʻz sovgʻalarini topshirdi.

Okrug boshqaruv apparati maʼsul ofitserlari, faxriylar, mudofaa ishlar boshqarmasi va boʻlimlari, viloyatdagi korxona va tashkilotlarning vakillari hamda yoshlar dastlab Samarqand shahridagi Mixayil Kolmogorov, Sofiya Pogrebova, Fazliddin Asliddinov hamda Samarqand tumanidagi Axat bobo Ochilovning xonadoni boʻldi.

Urush va mehnat faxriylari bilan oʻtgan samimiy suhbat davomida keksalar urush xotiralari bilan oʻrtoqlashdi. Tinchlikning qadri haqida oʻz boshlaridan kechirgan kechmishlar misolida soʻzladi. Shu asnoda urushning zahmatini chekkan faxriylarimiz, mehmonlarni bugungi dorulamon kunlarning qadriga yetishga, yurtda hukm surayotgan osoyishtalikni asrashga chorladi.

Shu tariqa mehmonlarning navbatdagi manzili payariqlik Mahmadali Siddiqov, kattaqoʻrgʻonlik Rahmat Qolibov va Rayim bobo Yusupov, narpaylik Yusuf Roʻziyev, nurobodlik Rahmon Abilov hamda urgutlik Boʻron ota Gadoyevlarning xonadoni boʻldi.  

Ayovsiz urushning qora sahnalari koʻrgan, ayriliq va motamning achchiq iztiroblarini chekkan bugungi kunimiz qahramonlari ehtiromdan, tinch va osuda hayotgan mamnun ekanliklarini taʼkidlab oʻtishdi.

Shu kuni keksalarning salomatligi harbiy shifokorlar tomonidan tekshiruvdan oʻtkazildi. Har bir bir faxriylarga esdalik sovgʻalar tantanali ravishda topshirilib, harbiy sanʼatkorlar ijrosida diltortar qoʻshiqlar ijro etildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting