Qashqadaryoda “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi

0
1226

Keksalar tajribasi yoshlar uchun hayot maktabi. Ayniqsa, ularning qimmatli pand-nasihatlari, hayot saboqlari yoshlarning shijoati bilan birlashsa, jamiyatni rivojlantiruvchi kuchga aylanadi. Qolaversa, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyatini yosh avlodga yetkazishda keksa avlod va faxriy harbiylarning alohida o‘rni bor.

Darhaqiqat, mamlakatimizda barcha sohalarda islohotlar jadal suratlarda davom etyapti. Bu yangilanish va o‘zgarishlar avvalo fuqarolarning manfaatlari, ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashlari uchun xizmat qilyapti. Bunday o‘zgarishlarga shukrona keltirib yashash, imkoniyatlardan oqilona foydalanishda esa “Uch avlod uchrashuv”lari katta rol o‘ynamoqda. 

Shu kabi tadbirlarning navbatdagisi Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug boshqaruv apparati madaniyat saroyida bo‘lib o‘tdi. Okrug masʼul ofitserlari, Muhammad Al Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali talabalari, muddatli harbiy xizmatchilar, serjantlar va faxriylar ishtirokida kechgan mazkur tadbir barcha uchun birdek foydali bo‘lgani shubhasiz.

Koʻp yillik harbiy hayot tajribasiga ega insonlar tomonidan qilingan maʼruzalar davomida ertamiz egalariga tavsiyalar, o‘ziga xos pand-nasihatlar berildi. Iqtidorli askarlar tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar, o‘qilgan she’rlar esa yig‘ilganlarga yanada xush kayfiyat ulashdi. 

Shu bilan birga, uchrashuv ishtirokchilari faxriy mehmonlarga oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan yuzlanib, kerakli javoblarni oldi. Okrug shonli tarixi muzeyini aylanish jarayonida berilgan ma’lumotlar orqali esa mehmonlar o‘zlarining ham tarixga, ham zamonaviy harbiy sohaga oid bilimlarini boyitib oldilar.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati