Zominda harbiy vatanparvarlik festivali bo‘lib o‘tdi

0
676

Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligining tashabbusi bilan Jizzax viloyatining Zomin tumanida “Mard askar yoshlarga na’muna” shiori ostida keng qamrovli harbiy vatanparvarlik festivali bo‘lib o‘tdi.

Unda aholi va yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmushni targ‘ib etish maqsadida Zomin tumani markaziy ko‘chalari bo‘ylab yugurish marafoni o‘tkazildi.

Festivalda so‘zga chiqqan okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov hamda tuman hokimi Alisher Abdug‘aniyev yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va milliy armiyamizning bugungi qudrati haqida so‘z yuritib, yoshlarni festival doirasida o‘tkaziladigan sport musobaqalarida faol ishtirok etishga chorladi.

Shundan so‘ng, tumandagi markaziy maydonda Jizzax garnizoni harbiy orkestrining ona vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari bilan festivalga start berildi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilarida ajdodlarimizning jasorati haqida hikoya qiluvchi sahna ko‘rinishlar, faxriy qorovul vzvodining ko‘rgazmali chiqishlari va qo‘l jangi elementlari sahnasi katta taassurot qoldirdi.

Tuman markazidagi maydon bo‘ylab yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan turli sport musobaqalari, qo‘l mehnati ko‘rgazmalari, kitobxonlik, rassomchilik tanlovlari yoshlarning bor mahoratlarini namoyon etishga imkon yaratdi.

Maydon bo‘ylab harbiy texnika va qurol-aslahalarning namoyish etilgani yoshlarni harbiylikka bo‘lgan qiziqishlarini yanada ortishiga xizmat qilgani shubhasiz.

Festival yakunida eng faol yoshlarga okrug qo‘mondonligi, tuman hokimligi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashining esdalik sovg‘alari topshirildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati