Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi xotirasi yod etildi

0
581

Samarqand viloyati Ishtixon tumani “Zartepa” MFYda yashab oʻtgan Usmon bobo Eshbekov Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. U istiqomat qilgan xonadon bugungi kunda uy-muzeyga aylantirilgan. Neʼmatlarning aʼlosi – tinchlikning qadriga yetish, yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va yurtdoshlarimizda ajdodlarga nistaban hurmat-ehtirom tuygʻularining shakllanishida mazkur uy-muzeyning alohida oʻrni bor. Usmon bobo Eshbekov tavalludining 100-yilligi munosabati bilan mazkur dargohda maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda tuman hokimi Fazliddin Roʻziyev, Markaziy harbiy okrugning masʼul ofitserlari, viloyat Nuroniylar kengashi, viloyat Yozuvchilar uyushmasi, Samarqand garnizonidagi harbiy xizmatchilar hamda tumandagi oʻquvchi-yoshlar, mahalla ahli ishtirok etdi.

Ishtirokchilar Usmon bobo Eshbekov xotirasini yod etib, uning Ikkinchi jahon urushida koʻrsatgan jasorati, matonati va urushdan keyin yurtimiz ravnaqi yoʻlidagi fidokorona mehnatlari haqida yoshlarga soʻzlab berdi. Tinchlikning qadriga yetish, mustaqillikni asrab-avaylash, yurtni sevish kabi mavzularda oʻqilgan sheʼrlar barchaga birdek manzur boʻldi.

Ayniqsa, harbiy orkestr jamoasining musiqalari va faxriy qorovul jamoasining koʻrgazmali chiqishlari mahalla ahliga, xususan, yoshlarga oʻzgacha zavq ulashdi. Qurol-aslahalar namoyishi esa oʻquvchi-yoshlarning harbiylik kasbiga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirishga xizmat qildi.

Katta leytenant Islomjon QOʻCHQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti