Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

0
2850

Mamlakatimizda 9-may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanishi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, bugun ham safimizda turib, Vatanimizning obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga, yoshlarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qoʻshayotgan faxriylarni eʼzozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 78 yilligi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy ragʻbatlantirish maqsadida:

1. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 18 000 000 (oʻn sakkiz million) soʻm miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilansin.

2. Mazkur Farmonni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan sarf-xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.

3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan birgalikda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofotining tantanali hamda bayramona vaziyatda topshirilishini taʼminlasin.

4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV