Idoralararo “Dog biatlon” musobaqalari boshlandi

0
795

Bugun, 2-may kuni Mudofaa vazirligi mutaxassis va xizmat itlarini tayyorlash markazida Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar oʻrtasida “Dog biatlon” musobaqasi bahslariga start berildi.

9-may – Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan mazkur musobaqada Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Milliy gvardiya hamda Davlat bojxona qoʻmitasi jamoalari oʻz xizmat itlari bilan ishtirok etmoqda.

Musobaqaning ochilish marosimida taʼkidlanganidek, bugun har bir sohada yangilanish va oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, harbiy xizmatchilarning jangovar va maʼnaviy maʼrifiy tayyorgarligini oshirish, kasbiy koʻnikmalarini yanada mustahkamlash uchun ham yetarli shart-sharoitlar, qulay imkoniyatlar yaratildi.

Darhaqiqat, bellashuvlarni oʻtkazishda vazirlik va idoralar tomonidan kinologiya sohasini rivojlantirish, mutaxassis kinologlar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, natijalar samaradorligini yanada oshirish, ularni xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etishini taʼminlash maqsad qilingan.

Taʼkidlash lozimki, bir nechta shartlarni oʻz ichiga olgan mazkur musobaqa barcha ishtirokchilar uchun oʻzaro bilim, malaka va tajriba almashish imkonini beradi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti