Xotira qadri hamisha buyuk

0
640

Koʻplab xalqlarning boshiga ogʻir kunlarni solgan Ikkinchi jahon urushining tugaganiga salkam 80 yil boʻlibdiki urush qoldirgan jarohatlar millionlab insonlar qalbida hamon saqlanib qolgan. Qalbida ana shunday jarohatlar bilan yashayotgan insonlar yurtimizda talaygina. Fashizm balosiga qarshi kurashgan va taqdiri Ikkinchi jahon urushi bilan aloqador insonlarga hurmat-eʼtibor koʻrsatish, holidan xabar olinish, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish sifati yildan-yilga oshirib borilmoqda.

9-may — Xotira va qadrlash kuni arafasida Toshkent harbiy okrugi, Toshkent harbiy prokuraturasi, Mirzo Ulugʻbek tumani mudofaa ishlari boʻlimi ofitserlari, faxriylar, tibbiyot xodimlari, mahalla faollari hamda tumanning 221-umumtaʼlim maktabi qoshida tashkil etilgan “Vatan tayanchi” otryadi yoshlari bilan faxriylar holidan xabar olindi. Tadbir qatnashchilari dastlab tumanning “Feruza” mavzesida istiqomat qilib kelayotgan 99 yoshli urush qatnashchisi Yevdokiya Nesterovani bayram bilan oʻziga xos tarzda tabrikladilar. “Vatan tayanchi” otryadi yoshlari Yevdokiya Trifanovna yashayotgan hududning obodonlashtirish ishlari bilan shugʻullanishdi. Shundan soʻng uning xonadonida mehmonlar va faxriy oʻrtasida dildan suhbat tashkillashtirildi.

1924-yil Ryazan shahrida tugʻilgan Yevdokiya Nesterova aloqachi sifatida 1-Ukraina fronti tarkibida fashist bosqinchilariga qarshi kurashganini soʻzlab berar ekan, oʻziga koʻrsatilgan eʼtibordan mamnun boʻlganini barcha kuzatib turganlar anglab yetgani qiyin emasdi. II darajali “Vatan urushi” ordeni va qator medallar bilan taqdirlangan Yevdokiya Nesterova Toshkentga kelib qolishi ham xizmat vazifasi bilan bogʻliq ekanini taʼkidladi. Urushdan keyin Polshada ikki yil xizmatni davom ettirib, u yerda turmush oʻrtogʻi Aleksey Nesterov bilan tanishgan. Aloqachi ofitser Aleksey Nesterov rafiqasi bilan 1947-yildan boshlab xizmatni Toshkentda davom ettiradi va shu yerda doimiy yashab qoladi.

Fashist bosqinchilarining Belarusni bosib olishi natijasida urushning ilk kunlaridan konslagerga joʻnatilgan Fyodor Fyodorovich Bolbas Yevdokiya Nesterova singari “Feruza” mavzesida istiqomat qiladi. Bolaligining eng ogʻir kunlarini ukasi bilan simtoʻsiqlar ortida oʻtkazgan Fyodor Fyodorovich uchun oʻtmishni xotirlash qanchalik ogʻir boʻlmasin har safar oʻziga koʻrsatilayotgan hurmat eʼtibordan oʻksik koʻngli koʻtariladi. Bayramlarda xonadoniga mehmon sifatida tashrif buyuradigan harbiy xizmatchilar, faxriylar, tibbiyot xodimlari, mahalla faollari va yoshlarga ezgu tilaklarni bildiradi.

Fyodor Fyodorovichni bayram bilan tabriklashga kelgan tadbir tashkilotchilari bu safar uni oʻziga xos dastur bilan xursand qilishdi. “Vatan tayanchi” otryadi yoshlari faxriyga hurmat koʻrsatgan holda harbiycha shaxdam qadam tashlab oʻtishi Fyodor amaki va uning qoʻshnilari tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.

– Mogilev viloyatining Bobruysk shahrida tugʻilganman, – deydi nuroniy otaxon. – Fashistlar tutqunida boʻlishdek ogʻir kunlarni boshimdan kechirdim. Toshkent ikkinchi ona yurtim. Chunki hayotimning Toshkentda oʻtkazayotgan davri oʻsha ogʻir kunlarni biroz boʻlsada unutishimga yordam berdi. Ayniqsa, faxriylarga doimiy tarzda koʻrsatilayotgan mana shunday eʼtibordan keyin. Tumanimiz mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻi podpolkovnik Dilmurod Shokarimov menga hurmat yuzasidan shaxdam qadam tashlab oʻtganlarni “Vatan tayanchi” otryadi yoshlari ekanligini, kelgusida bu yoshlar bizga oʻxshagan nuroniylarga har doim koʻmakchi boʻlishini aytdi. Yoshlarimiz bor boʻlishsin. Ular boshlagan ishlarga omad tilayman.

Shu kuni Yevdokiya Nesterova xonadonida ham, Fyodor Bolbas xonadonida ham oʻzgacha bayramona shukuh kirib keldi. Bunday bayramona shukuhni yurtimizning barcha hududlarida harbiy xizmatchilar, faxriylar, tibbiyot xodimlari, mahalla faollari va yoshlar tomonidan nuroniy otaxon, onaxonlarga ulashish anʼanaga aylangan.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti