Mudofaa vazirligida Pokiston vakillari qabul qilindi

0
1074

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari — Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshligʻi general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov joriy yilning 30-aprel kuni oʻtkaziladigan Oʻzbekiston Respublikasi Referendumiga xalqaro kuzatuvchi sifatida yurtimizga tashrif buyurgan Pokiston Islom Respublikasi vakili, iste’fodagi general Ehson ul-Haq hamda Pokistonning Janubiy Osiyo va xalqaro tadqiqotlar markazi prezidenti, isteʻfodagi general Sayyed Xalid Amir Jaffrini qabul qildi.

Mudofaa vazirligi markaziy apparatida oʻtkazilgan uchrashuvda Oʻzbekistonning yangi tarixidagi muhim siyosiy kunning oʻzbek xalqi uchun qanchalar ahamiyatli ekanligi muhokama qilindi. Shuningdek, Oʻzbekiston—Pokiston oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar qayd etildi. Shu bilan birga, joriy yilning 10-may kuni ikki davlat oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar oʻrnatilganiga 31 yil toʻlishi taʻkidlanib, oʻtgan yillar mobaynida parlamentlararo, xavfsizlik va mudofaa sohalarida, mintaqada xavfsizlikni taʻminlash yoʻnalishlarida olib borilgan ishlar eʻtirof etildi.

Uchrashuv doirasida Pokiston vakillari Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyiga tashrif buyurib, u yerdagi eskponatlar bilan yaqindan tanishdilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti