Surxondaryoda yoshlar bilan ishlash tizimi yanada takomillashtirilmoqda

0
718

Prezident tomonidan yoshlar bilan ishlashni yangicha tizimda tashkil etish boʻyicha belgilab berilgan topshiriqlarga asosan Surxondaryo viloyatida ham sektor rahbarlari, tashkilot, idora, boshqarma va oliy taʼlim muassasalari rahbarlariga yoshlar biriktirilib, ertamiz egalariga boʻlgan eʼtiborni yanada kuchaytirish, yigit-qizlarga keng imkoniyatlar eshigini ochishdek ezgu maqsad ilgari surilgan.

Surxondaryo viloyat Mudofaa ishlar boshqarmasiga viloyat markazidan olisda joylashgan Bandixon tumanida istiqomat qilayotgan 30 nafar yoshlar biriktirilgan boʻlib, shulardan 20 nafari nogironligi bor yoshlardir.

Bandixon tumani hokimi Abdumalik Allamuradov va Surxondaryo viloyati Mudofaa ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ilhom Qambarov tashabbusi bilan MIBga biriktirilgan 20 nafar nogironligi bor yoshlar va ularning oila aʼzolari uchun Termiz shahriga ekskursiya uyushtirildi.

Yoshlar va ularning oila aʼzolari dastlab Al-Hakim At-Termiziy ziyoratgohiga tashrif buyurishdi. Shuningdek, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida tashkil etilgan harbiy qism muzeyi faoliyati hamda harbiy qismda harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham yaqindan tanishdilar.

Shundan soʻng mehmonlar Surxondaryo viloyat Mudofaa ishlar boshqarmasiga tashrif buyurib, u yerda viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ilhom Qambarov bilan suhbat tashkil etildi. Yoshlarni doimiy ravishda parvarishlab kelayotgan ota-onalar va ularning koʻmakchilariga mudofaa ishlari boshqarmasi nomidan esdalik sovgʻalari topshirilib, minnatdorchilik bildirildi.

Shundan soʻng oʻzbekona dasturxon yozilib, mehmonlar uchun milliy taomlar tortildi. Shuningdek, Termiz shahridagi Hayvonot bogʻidagi sayohat ham yoshlar uchun bir olam quvonch berdi.

Bunday saxovatpesha tadbirning navbatdagisi Sherobod tumanida istiqomat qilayotgan yoshlar bilan oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni