Jizzax va Samarqand viloyatlarining mahalla yoshlari harbiy-sport musobaqalarida bellashdi

0
660

2022-yildan boshlab mahallalardagi yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va ularni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida uyushmagan yoshlar oʻrtasida harbiy sport musobaqalarini oʻtkazish boshlandi. Ayni kunlarda joylarda ushbu musobaqaning viloyat bosqichlari oʻtkazilmoqda.

Xususan, kuni kecha Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizonidagi harbiy qismda Jizzax viloyati bosqichi, “Sazagan” okrug poligonida esa Samarqand viloyatining bosqichi oʻtkazildi.

Musobaqa shartlariga muvofiq, har bir mahalla nomidan ishtirok etgan jamoa tarkibda jami 10 nafar (7 nafari oʻgʻil, 3 nafari qiz bola) vakil 6 ta shart boʻyicha bellashdi.

“Safda qoʻshiq aytish”, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Mohir mergan”, “Jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish”, “Temur tuzuklari bilimdoni” shartlari ishtirokchilardan jamoaviy harakat qilish, chaqqonlik, tartib-intizom va bor bilimlarini ishga solishni talab qildi.

Musobaqalarning yakuniy natijalariga koʻra, Jizzax viloyatidan Gʻallaorol tumanining “Baxtgul” mahallasining “Yosh askarlar” jamosi hamda Samarqand viloyatidan Paxtachi tumanidagi “Mirzo Ulugʻbek” mahallasining “Ziyovuddin Sohibqiron izdoshlari” jamaosi faxrli 1-oʻrin bilan eespublika bosqichi uchun yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Musobaqalarning tantanali yopilish marosimlarida okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farrux Ziyabayev, uning oʻrinbosarlari, hokimlik vakillari, Mudofaa ishlar boshqarma va boʻlimlari, “Vatanparvar” tashkilotining viloyat kengashlari hamda faxriylar ishtirok etdi.

Gʻolib va sovrindorlarga okrug qoʻmondonligi, Mudofaa ishlar boshqarmalari, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamda “Vatanparvar” tashkilotining kubok, diplom va qimmatbaho sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati