“Jismoniy tayyorgarlik va jangovar qobiliyat tizimi” bo‘yicha III xalqaro sport musobaqasida mamlakatimiz jamoasi faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi

0
896

Joriy yilning 31-oktabridan 7-noyabr kunigacha Pokiston Islom Respublikasining Lahor shahrida o‘tkazilgan “Jismoniy tayyorgarlik va jangovar qobiliyat tizimi” bo‘yicha III Xalqaro sport musobaqasida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etib, umumjamoa hisobida mezbon jamoadan so‘ng faxrli 2-o‘rinni egalladi.

Kuni kecha mazkur musobaqadan qaytgan Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat jamoa a’zolari “Toshkent” xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi. Tadbirda Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari, g‘olib harbiy xizmatchilarning yaqinlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Dunyoning 12 mamlakatidan 18 ta jamoalarining kuchli va nomdor harbiy xizmatchilari murosasiz kurash olib borgan ushbu nufuzli musobaqada mamlakatimiz sharafini Mudofaa vazirligining 11 nafar harbiy xizmatchilari ham himoya qilishdi. Qiziqarli kechgan bahslarda terma jamoamiz vakillari o‘z tayyorgarliklarini namoyish etib, umumjamoa hisobida mezbon jamoadan keyin faxrli 2-o‘rini egallashdi.

Harbiy xizmatchilarimizning mazkur musobaqada erishgan yutuqlari mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tiborga nisbatan amalda o‘z samarasini berayotganining yana bir yorqin dalili sifatida barchamizga alohida faxr bag‘ishlaydi.

Mavjuda Almanova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar deparamenti