Harbiy hamkorlik yoʻnalishlari kengaymoqda

0
1084

Mamlakatimiz mudofaa doktrinasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan xalqaro maydonda amalga oshirilayotgan doʻstona aloqalarni tinchlik va barqarorlikni saqlashning eng oqilona koʻrinishi deyish mumkin. Ana shunday doʻstona aloqalarning mustahkamlanishi natijasida esa oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar xalqaro maydonlarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqda.

Ayniqsa, bu borada qoʻshni davlatlar bilan koʻplab yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Birgalikda oʻtkazilayotgan oʻquv mashgʻulotlari, turli musobaqalar, harbiy sohaga oid uchrashuvlar hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilyapti va yoʻnalishlari ham kengayib bormoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi navigatsiya taʼminoti boshqarmasi hamda Qozogʻiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi navigatsiya-geoaxborot taʼminoti departamenti oʻrtasida oʻrnatilgan doʻstona aloqalar buning yaqqol misolidir.

Qozogʻiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi navigatsiya-geoaxborot taʼminoti departamenti boshligʻi polkovnik Serik Joldibayev boshchiligidagi harbiy delegatsiya Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi navigatsiya taʼminoti boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Bahrom Sultonov hamda Mudofaa vazirligi kartografiya markazi masʼul ofitserlari bilan amaliy uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuv davomida soha mutaxassislari navigatsiya-geoaxborot istiqbollari boʻyicha oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.

Uchrashuv chogʻida podpolkovnik Asadullo Nurayev, podpolkovnik Elmurod Qurbonov, mayor Eldor Matyoqubov oʻz taqdimot maʼruzalari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoʻshinlaridagi navigatsiya-geoaxborot xizmati faoliyati bilan mehmonlarni yaqindan tanishtirdi. Polkovnik Serik Joldibayev va polkovnik Shayaxmet Ashirov oʻz chiqishlarida Qozogʻiston Respublikasi navigatsiya-geoaxborot taʼminoti departamenti tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar taqdimotini yigʻilganlar eʼtiboriga havola etishdi.

– Oʻzbekistonga avvalgi tashrifim chogʻida oʻzbek harbiylarining navigatsiya-geoaxborot kasbiy koʻnikmalarini oshirish boʻyicha qator tajribalarini oʻrganib qaytgandim, – deya taʼkidladi polkovnik Serik Joldibayev. – Buning natijasida departamentimizdagi oʻquv xonasi xuddi Oʻzbekistondagi singari jihozlandi. Bu safargi uchrashuvimiz ham ikki tomonlama tajriba almashish borasida samarali boʻldi va bu holat davlatlarimiz daxlsizligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Qoʻshni davlat delegatsiyasining yurtimizga tashrifi davomida Qurolli Kuchlar davlat muzeyi va “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasiga ekskursiya tashkillashtirildi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti