Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun konsert dasturi tashkil etildi

0
783

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida harbiy xizmatchilar hamda ularning oila aʼzolari madaniy hordiq olishlarini taʼminlash maqsadida tez-tez konsert dasturlari tashkil etilayotgani bejiz emas. Harbiy xizmatchilar va oilalarining dam olish kunlarini musiqiy lahzalarga toʻldirib, xushnudlik kayfiyatini ulashayotgan taniqli estrada xonandalari tashrifi barchaga manzur boʻlayotgani, shubhasiz.

Navbatdagi konsert dasturida muhtasham markaz Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyi “Ashula va raqs” ansambli ijodiy jamoasiga oʻz eshigini ochdi.

Dasturni ansambl rahbari, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Uchqun Tillayev hamda aktyor va boshlovchi Oʻtkir Muhammadjonov olib bordi.

Dastur davomida yosh estrada xonandalari ota-ona, doʻstlik, mehru-muhabbat kabi mavzularni qamrab olgan tarbiyaviy ahamiyatga ega kuy va qoʻshiqlarni ijro etgan boʻlsa, qiziqchi Zokir Ochildiyev ichakuzdi hangomalari bilan davraga yanada xushkayfiyat ulashdi. Vatanni tarannum etgan kuy va qoʻshiylar jilosi dillarga koʻtarinkilik bagʻishladi.

Konsert soʻngida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyi “Ashula va raqs” ansambli jamoasiga minnatdorchilik bildirildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati