Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligida Turkiya delegatsiyasi qabul qilindi

0
3548

Bugun, 26-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri oʻrinbosari – Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondoni general-mayor Ahmad Burxonov Turkiya Respublikasining Harbiy havo kuchlari qoʻmondoni armiya generali A. Gulan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Muzokaralar davomida ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlash, harbiy havo kuchlari sohasida hamkorlik, bu borada soha mutaxassislarining malakasini oshirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuv soʻngida tomonlar bir-birlariga esdalik sovgʻalarini topshirib, oʻzlarining samimiy tilaklarini bildirishdi.

Shuningdek, kunning ikkinchi yarmida delegatsiya vakillari Chirchiq shahrida joylashgan harbiy qismda boʻlib, harbiy qism faoliyati va koʻrgazmali parvozlar bilan tanishishdi. Turkiya Respublikasining Harbiy havo kuchlari qoʻmondoni armiya generali A. Gulan Oʻzbekiston harbiy mutaxassislarining bilim va tajribalarini yuqori baholar ekan, kelgusida soha yoʻnalishida tashkil etiladigan amaliy ishlar ikki mamlakat oʻrtasidagi harbiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidlab oʻtdi.

Turkiya Respublikasi harbiy delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi davom etmoqda. Rejaga muvofiq 27-aprel kuni delegatsiya vakillarining Qarshi shahridagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti faoliyati hamda Samarqand shahrining tarixiy obidalari bilan tanishishi ham koʻzda tutilgan.

Katta leytenant Bobur Elmurodov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti