Samarqandda “Vatan manzumasi” nomli adabiy-ma’rifiy kecha boʻlib oʻtdi

0
672

Samarqand shahridagi Yoshlar markazida raspublikamiz boʻylab oʻtkazilib kelinayotgan “Vatan manzumasi” nomli adabiy-ma’rifiy kecha boʻlib oʻtdi.

Tinchlik va osoyishtalikni asrab-avaylash, el-yurt farovonligi uchun safarbarlik, vatanparvarlik, mardlik va jasorat singari ezgu fazilatlar aks ettirilgan mazkur adabiy-ma’rifiy tadbirda Samarqand viloyati hokimligi, Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi, turli soha vakillari, harbiy xizmatchilar hamda oʻquvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Mudofaa vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbir oʻzida vatanparvarlik hislarini jo aylagani bilan barchaga manzur boʻldi. Unda marhum va zamondosh shoirlarning Vatan, xalq, tinchlik, ona kabi mavzulardagi she’rlari oʻqib eshittirildi. Yosh ijodkorlar ham oʻz qalamiga mansub ijod mahsullarini tomoshabinlar eʻtiboriga havola qildi.

Yurtimizdagi tinchlik va totuvlikni, ahillik va hamjihatlikni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash nainki harbiy soha vakillari, balki barcha hamyurtlarimiz, ayniqsa, yoshlarning muqaddas burchi ekani elimiz ardogʻidagi san’atkorlar va harbiylarning rang-barang musiqiy chiqishlar vositasida yana bir karra namoyon boʻldi.

Kecha yakunida 2000-yillar Surxondaryo viloyatining Uzun va Sariosiyo tumanlarida terrorchilarga qarshi olib borilgan janglarda mardonavor kurashgan va xizmat burchini bajarish chogʻida qahramonlarcha halok boʻlgan oʻgʻlonlar xotirasiga hurmat bajo keltirilib, qahramonlarning onalariga guldastalar taqdim etildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati