Sariosiyolik faxriy holidan xabar olindi

0
630

Sariosiyo tumanining “Tortuli” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qilib kelayotgan Qurolli Kuchlar faxriysi Nabijon ota tumandagi 94 ta umumtaʼlim maktabida oʻtkazilib kelinayotgan harbiy vatanparvarlik tadbirlarida bosh-qosh. Bundan tashqari u oʻquvchilari bilan viloyatdagi harbiy qismlarga tez-tez ekskursiyalar uyushtirib turadi.

Oʻz navbatida Surxondaryo viloyatidagi harbiy xizmatchilarning bayramlarda faxriy otaxon xonadoniga mehmon boʻlishi anʼanaga aylangan. Keksalar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, faxriylar holidan xabar olishni kanda qilmaydigan harbiy xizmatchilar Sariosiyo tuman “Nuroniylar” jamoatchilik nazorat kengashi raisi, zaxiradagi podpolkovnik Salom Kasimov bilan birgalikda Nabijon Ismoilovga bayram sovgʻalarini topshirdi.

– Bugungi tarbiya – kelajakka qoʻyilgan tamal toshi boʻlishi kerak, – deydi Nabijon ota. – Nafaqaga chiqqanimdan keyin bir oʻgʻil, oltita qiz va 15 nafar nabira tarbiyasidan tashqari mahalla va tumandagi maktab yoshlari bilan ishlashni oʻz oldimga maqsad qilgandim. Bu borada Surxondaryo viloyatida joylashgan harbiy qismlar komandirlari amaliy yordam berayotgani tahsinga loyiq. Buning natijasida tumandagi barcha umumtaʼlim maktablarining chaqiriqqacha qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari bilan hamkorligida yoshlarning harbiy vatanparvarlik tadbirlarida qatnashishi yoʻlga qoʻyilgan.

III darajali serjant Akbar Ahmedov, Termiz garnizoni