Ofitserlar tayyorlash kursining navbatdagi bitiruvchilari qoʻshinlarga yoʻl oldi

0
2413

Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Ichki ishlar vazirligi Qorovul qoʻshinlarining serjantlar tarkibida kontrakt asosida xizmat qilayotgan oliy maʼlumotli harbiy xizmatchilarining bitiruvi va ularga ilk ofitserlik unvoni topshirilishiga bagʻishlangan tantanali marosim oʻtkazildi. Unda Mudofaa vazirligi masʼullari, bilim yurti hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, bitiruvchilarning ota-onalari, yaqinlari ishtirok etdi.

Sahnada soʻz olganlar bitiruvchilarni qutlar ekan, Vatanimizning hududiy yaxlitligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayotini himoya qilishda ularga bukilmas iroda, muvaffaqiyat tilashdi. Milliy armiyamizning jangovar tayyorgarlik darajasi, mamlakatimiz xavfsizligiga raxna soladigan har qanday tahdidlarga qarshi tura olish qudrati uning zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika bilan qanchalik taʼminlanganidan tashqari bevosita uning tarkibida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning yuqori bilim va tajribasiga ham bogʻliqligini alohida taʼkidlashdi.

Shundan soʻng tegishli buyruqlar oʻqib eshittirilib, bitiruvchilarga birma-bir, qarsaklar ostida sertifikat va “leytenant” harbiy unvoni topshirildi.

Bitiruvchilar belgilangan muddat davomida zamon talablari va standartlari asosida ishlab chiqilgan oʻquv dasturi boʻyicha eng ilgʻor pedagogik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, modellashtirish va simulyatsiya vositalaridan foydalangan holda qoʻshinlarni boshqarish, murakkab qurol-aslaha va harbiy texnikani qoʻllash kabi bir necha yoʻnalishda saboq oldilar.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti