Harbiylar urush faxriysi xonadonida boʻldi

0
520

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugining Hayrabod garnizoni harbiy xizmatchilari Denov tumanida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urush qatnashchisi — 96 yoshli Dosik bobo Meridov holidan xabar oldi.

Tumandagi “Jomiy” mahallasida yashaydigan Dosik bobo Meridov taqdir taqozosi bilan 17 yoshida urushga otlangan. Ogʻir janglarda mardonavor kurashib, koʻplab dushmanni yer tishlatgan, mardlik va jasorat namunalarini koʻrsatgan. Hozirda 96 yoshni qarshilagan otaxon hali ham tetik. Urushda koʻrgan-kechirganlarini juda tiniq xotirlaydi.

– Jang maydoniga joʻnaganimda sovuq qish fasli edi, – deydi otaxon. Qarang-a, oʻshanda yosh boʻlsakda, Vatanga mehrimiz qanchalik yuksak boʻlsa, dushmanga nafratimiz bundan ham kuchliroq boʻlgan ekan… Dahshatli janglar koʻz oldimdan oʻtadi. Soʻnggi yillarda biz, urush qatnashchilariga qaratilayotgan yuksak eʼtibordan koʻnglimiz togʻdek koʻtarilmoqda. Ilohim, yurtimiz hamisha tinch, mamlakatimiz obod boʻlaversin.

Shu kuni Dosik bobo Meridov Vatanimizga tinchlik, keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga bardavomlik, yosh avlodga baxt-u saodat tilab, duoga qoʻl ochdi. 

Tadbirda Hayrabod garnizoni harbiy orkestor jamoasi Vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlarini ijro etib, urush qatnashchisiga va u kishining oila aʼzolariga bayramona kayfiyat ulashdi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni