Memorandum ijrosi ta’minlanmoqda

0
588

Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti va Yoshlar ishlari agentligi o‘rtasida yoshlar masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangandi. Mazkur tashkilotlar shu kunga qadar hamkorlikda ko‘plab yo‘nalishlarda tadbirlar o‘tkazib kelmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri kecha, 8-noyabr kuni Mudofaa vazirligi axborot – kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida bo‘lib o‘tdi.

“Ochiq eshiklar kuni” doirasida o‘tgan tadbir Mudofaa vazirligi Faxriylar kengashi, Yoshlar ishlar agentligi Zangiota tumani bo‘limi va “Vatanparvar” tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil qilindi.

Harbiy institutga tashrif buyurgan yoshlar kursantlarga yaratilgan shart–sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, ular bu yerdagi zamonaviy o‘quv xonalar, ilmiy tadqiqotlar uchun maxsus mo‘ljallangan labaratoriyalar, shinam yotoqxona hamda sprot majmualarini katta qiziqish bilan tomosha qildi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, muassasada yoshlar uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida turli to‘garaklar tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda ertamiz egalarini ma’lum kasbga yo‘naltirish uchun yetarlicha imkoniyatlar yaratilgan. Sayohat davomida mazkur haqiqatga guvoh bo‘lgan yoshlarning qalbida Qurolli Kuchlar safida aloqachi ofitser bo‘lib xizmat qilish maqsadi uyg‘ongan bo‘lsa ajabmas.

Shuningdek, tadbir davomida harbiy institutda o‘tkazilib kelinayotgan ma’naviy-ma’rifiy va yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan madaniy tadbirlarda faol ishtirok etganlar hamkor tashkilotlar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Mayor Sherqo‘zi HAKIMOV