Buxoro umumqo‘shin poligoni foydalanishga topshirildi

0
3439

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Buxoro dala-oʻquv maydoni yangidan bitkazilib, foydalanishga topshirildi. Tadbirda mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, vazirlik masʼul ofitserlari, okrug harbiy xizmatchilari, bir guruh faxriylar va jamoatchilik faollari ishtirok etdi.

Dala-oʻquv maydoni chinakam maʼnoda askar akademiyasidir. Chunki poligonda harbiy xizmatchi nazariy bilimlarini amaliy sinovdan oʻtkazadi. Shu bois, Vatan himoyachilarining ham maʼnan, ham ruhan, ham jismonan tayyorgarligi oshishida, jangovar shayligining rivoj topishida poligonlarning oʻrni muhimdir.

Marosimda soʻz olgan mudofaa vaziri dala-oʻquv maydoni ta’mirlanishida jonbozlik koʻrsatgan harbiy xizmatchilarga oʻzining samimiy minnatdorchiligini bildirdi. Shundan soʻng poligon ta’mirlanishida oʻzining vatanparvarligini, yurtsevarligini koʻrsatgan bir guruh harbiy xizmatchilar mudofaa vaziri tomonidan qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Ta’kidlash kerakki, Buxoro umumqo‘shin poligoni zamonaviy dunyo talablariga mos keladigan oʻquv sinflari, tibbiyot punkti, yotoqxonalar, oshxona, sport zali, madaniyat markazi hamda jangovar texnikalar va avtomobillar turarjoylari bilan jihozlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti