Sayyor tibbiy koʻrik bemorlar dardiga malham boʻlmoqda

0
633

Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish va tibbiy madaniyatini yuksaltirish, bemorlar dardiga malham boʻlib, yurtoshlarimizning jamiyatdagi qadrini ulugʻlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 

Shu kabi ezgu maqsadlar yo‘lida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz harbiy gospitali malakali shifokorlari tomonidan bevosita hududlarda sayyor tibbiy qabullar tashkil etyapti. Sog‘lig‘idan shikoyat qilayotgan yurtdoshlarimizni joyida bepul sifatli tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, tibbiy yordamga muhtojligi darajasi asosida Toshkent shahri, viloyat va tumanda davolash choralari koʻrilmoqda. Shuningdek, yuqori tibbiy amaliyot talab etiladigan murojaatchilarga shu yerning oʻzida order rasmiylashtirib berilmoqda.

Xususan, kuni kecha o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik davomida murojaat qilgan bemorlarga Termiz harbiy gospitalining jarroh, terapevt, nevropatolog, oftolmolog, otolaringorinolog, stomatolog, UTT shifokorlari tomonidan xizmat ko‘rsatildi. Ushbu sayyor tibbiy qabul jarayonlarida Sariosiyo tumanidagi “Xurshid” MFYdan jami 150 nafar fuqaro (shundan 8 nafari voyaga yetmagan bolalar) tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, bemorlarga davolash va kasalliklar profilaktikasi yuzasidan tegishli maslahatlar berildi.

Bunday sayyor tibbiy koʻrik viloyatning boshqa tumanlarida ham oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni