Harbiy xizmatchi ayol bemor bolalarga quvonch ulashdi

0
740

Bir insonga yaxshilik qilish, ayniqsa, muhtoj odamlarga, bemor bolajonlarga koʻmak ulashish kishi ruhiga quvvat bagʻishlaydi.

Respublika bolalar ortopediya markaziga kirib borar ekansiz, qiyinchilik bilan harakatlanayotgan bolalarni koʻrib, chopqillab yuradigan paytida arang qadam tashlayotgan murgʻak nihollarni kuzatib, qaniydi shifo topishlari uchun yordam bera olsam, degan oʻy oʻtadi xayolingizdan. Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligi aloqa markazida faoliyat yuritayotgan kichik serjant Dilrabo Quvvatova xayrli tashabbus bilan kam ta’minlangan oilalar farzandlariga kiyim-kechaklar ulasha turib, mana shunday fikrlarni bayon qildi.

– Biz oilaviy har yili bolalar uyi tarbiyalanuvchilari uchun xayriya tadbirlari tashkil qilib, milliy taomlar pishirib ulashar edik. Bolalar uyi kamayganidan juda xursand boʻldim va bu yil bemor bolalarga yordam berishni oʻylab yurgan edim. Shu kunlarda qoʻmondonligimizning Xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila aʻzolari bilan ishlash boʻyicha bosh mutaxassisi Hilola Tursunovadan Respublika bolalar ortopediya markazi haqida eshitib qoldim va mana shu kasalxonada yotgan bolajonlarni oʻrgandim. Har bir boʻlimda yotgan turli yoshdagi oʻgʻil-qizlarni ismlari va yoshlarini yozib ketdim, ularga yaqinlarimiz bilan birga kiyim-kechaklar ulashdik. Kichik hadyalarimiz bolalarga katta quvonch ulashganidan, ularni olib yotgan onalarining nigohidagi sevinchdan mening ham koʻnglim yorishdi. Ayniqsa, bolajonlar orasida harbiy boʻlaman deganlarini koʻrib, yana bir bor kasbim bilan ham faxrlandim. Oilaviy ezgu an’anamiz esa davom etadi.

“Katta boʻlsam shifokor boʻlaman!” deydi Samarqanddan kelgan 9 yoshli bemor qizaloq Lola Abduhamidova. Dunyoda quvonchu shodliklar bisyor. Ammo ularning hech birini bolajonlarning xursandchiliklariga tenglashtirib boʻlmaydi. Ogʻir xastalik sabab bolalik davr-u davronini, hayotning shirin zavqini tuyib ulgurmagan bolalardagi umid uchqunlarini, kichik jussasidagi katta matonatni koʻrib, har qanday inson biror yordam berishga oshiqadi.

– Bizga mana shunday murojaat yoʻllanganida qanchalik xursand boʻlganimni tasavvur qila olmaysiz, – deydi Neyroortopediya boʻlimi bosh hamshirasi Shoira Xadjayeva. – Bizning boʻlim 35-oʻrinli va bu boʻlimda jarrohlik amaliyoti va operatsiyadan keyingi davolanish muolajalari olib boriladi. Bu yerdagilar bir necha kunda oyoqqa turib ketadigan kasallikka chalinmagan, ular yillar mobaynida davolanayotgan bolalardir. Har kim ichidan oʻtganini oʻzi biladi. Kulib qarayotgan bu murgʻak nigohlarda aslida qancha dard yashiringan. Men mana shunday ezgulik ulashuvchi, yordamga muxtoj odamlardan yordamini ayamaydigan insonlar safi koʻpayishini tilayman.

Yulduz OʻRMONOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti