Ishchi guruh Toshkent viloyatining olis mahallalariga ko‘maklashyapti

0
811

Zangiota tumanidagi “Baliqchi” mahallasi Toshkent viloyatining eng olis mahallalaridan biri. Ushbu manzilda joriy yilning 1-aprelida tumandagi barcha sektor rahbarlari ishtirokida mahalla ahlining uzoq yillardan beri yechimini kutayotgan muammolarini tinglanib, murojaatlari oʻrganilgan edi.

Xususan, mini-futbol, stol tennis va “street workout” maydonchasini o‘zida jamlagan mahalla stadionini bunyod etish, boquvchisi yoʻqotgan, ijtimoiy koʻmakka muhtoj hamda nogironligi bor ikki fuqaro xonadonini toʻliq kapital taʼmirdan chiqarish yuzasidan Mudofaa vazirligi mas’ul harbiy xizmatchilari va boshqa mutasaddilarga aniq vazifalar belgilab berilgan edi. Ikki haftalik qisqa muddatda ushbu ezgu ishlar muvaffaqiyatli ado etildi.

Dastlab aholining kayfiyatini yanada koʻtarish maqsadida Mudofaa vazirligi Maxsus avariya-tiklash boshqarmasining “Impuls” ansambli tomonidan musiqiy-ko‘ngilochar konsert dasturi namoyish etildi. Shundan so‘ng sektor rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruh mutasaddilari, mahalla faollari ishtirokida yangi sport maydonchasining ochilish marosimi o‘tkazildi. Mazkur zamonaviy stadionda “Baliqchi” mahallasining “Damachi” va Maxsus avariya-tiklash boshqarmasining “Barlos” jamoalari o‘rtasida futbol bo‘yicha o‘zaro o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil etildi. Qizg‘in va murosasiz bellashuvda harbiy xizmatchilar 2:1 hisobida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. Har ikki jamoa a’zolari medal va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Kunning ikkinchi yarmida ishchi guruh a’zolari mahalladagi xonadoni ta’mirlab berilgan Shahnoza To‘laganovaning xonadoniga borib, zarur maishiy jihozlarni sovg‘a qildilar. Turmush o‘rtog‘ining vafotidan so‘ng uch farzandini yolg‘iz voyaga yetkazayotgan xonadon sohibasi “Ayollar daftari”da turar edi. Endi mahalla va ishchi guruh ko‘magida unga o‘zini ish bilan band qilishda amaliy yordam ko‘rsatildi. Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlar olis hududlarda ham o‘z ifodasini topayotganining yaqqol namunasi o‘laroq, Shanoza opa mehmonlarga o‘zining samimiy minnatdorligini bildirdi.

Katta leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti