“Amir Temur izdoshlari” fan olimpiadasining gʻoliblari taqdirlandi

0
1006

Fargʻona “Amir Temur izdoshlari” shiori ostida mudofaa vaziri kubogi uchun “Temurbeklar maktablari”ning oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan fan olimpiadasi qizgʻin bahs munozaralarga boy boʻldi.

Mazkur fan olimpiadasining gʻolib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash tadbiri Sharqiy harbiy okrug Maʻnaviyat va maʻrifat markazida boʻlib oʻtdi. Unda qoʻshinlar qoʻmondoni general-mayor Aybek Saidov, viloyat hokimi oʻrinbosari, Mudofaa vazirligi mas’ullari, harbiy-akademik litseylar vakillari, Fargʻona harbiy prokuraturasi, faxriylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Olimpiada natijalariga koʻra, umumjamoa hisobida 3-oʻrinni Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari tasarrufidagi “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyi jamoasi, 2-oʻrinni Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi Nukus “Temurbeklar maktabi” jamoasiga nasib ketdi. Faxrli 1-oʻrin va mudofaa vaziri kubogini esa Fargʻona “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi jamoasi qoʻlga kiritdi.

Gʻoliblar Mudofaa vazirligi hamda okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan qimmatbaho va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Tadbir davomida harbiy orkestr jamoasi va taniqli sanʻatkorlar tomonidan diltortar kuy-qoʻshiqlar ham ijro etildi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati