Bitiruvchi kursantlarning jangovar ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi

0
823

Har bir harbiy xizmatchi uchun jangovar texnikalardan aniq va to‘g‘ri foydalana bilish muhim sanaladi. Shu sababdan turli murakkab mashqlarga boy amaliy mashg‘ulotlarda bo‘lajak ofitserlar bilim va ko‘nikmalarini doimiy mustahkamlab boradi.

Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti Tank bo‘linmalari taktik qo‘mondonligi ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan kursantlar uchun tanklardan nazorat otish mashqlarida ham bu o‘z aksini topdi.

Oliy harbiy ta’lim muassasalarining bitiruvchilari hademay ofitser sifatida milliy armiyamiz qo‘shinlari safida xizmat faoliyatini boshlaydilar. Bilim yurti bitiruvchilari ham bu sharafli faoliyatga hozirlanar ekan, to‘rt yil davomida olgan bilimlari bo‘yicha “Chirchiq” dala-o‘quv maydonida tank qurollaridan o‘q otish mashqlarini muvaffaqiyatli bajardilar.

Nishonlarni o‘qqa tutishdan avval mashgʻulot rahbari tomonidan nazariy koʻrsatmalar berildi. Shundan soʻng amaliy mashg‘ulotlar boshlandi.

Unda kursantlar bir nechta murakkab vazifalarni amalga oshirdi. Xususan, tank nishonlari, avtomobilga o‘rnatilgan nishonlar, piyodalar guruhi, tankka qarshi qo‘l granatomyotlarni yo‘q qilish, shuningdek, tutun pardasi (maskirovka) hosil qilib, harakatlanish kabi topshiriqlarni a’loga bajardi. Mashg‘ulotlar malakali yo‘riqchilar tomonidan nazorat qilinib, baholab borildi.

Kursantlarning amaliy ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazish ishlari davom etadi. Ta’kidlash kerakki, bu kabi amaliyotlar jangovar shaylikni yanada oshirishga xizmat qiladi.

Yulduz O’rmonova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti