Termizda “Ibratli harbiy oila” koʻrik tanlovi boʻlib oʻtdi

0
938

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida joylashgan harbiy qism madaniyat markazida “Ibratli harbiy oila” koʻrik-tanlovining Janubiy operativ qoʻmondonligi bosqichi boʻlib oʻtdi.

Tanlovda qoʻmondonlik, harbiy qism harbiy xizmatchilari hamda ularning oila aʼzolari, oʻquvchi yoshlar, Surxondaryo viloyati Mudofaa ishlar boshqarmasi huzuridagi Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash markazi chaqiriluvchilari, faxriylar, davlat va jamoat tashkilotlari ishtirok etdi. 

Unda jami qoʻmondonlik tasarrufidagi harbiy qism va muassasalardan 8 nafar harbiy oilalar “Oilam mening baxtim”, “Men uddaburon oila bekasiman”, “Farzandim dilbandim”, “Sanʼatim-saodatim” shartlari boʻyicha oʻz bilim va salohiyatini ishga solgan holda gʻoliblik uchun bahs olib bordi.

Milliy anʼana va qadriyatlarimiz ruhi aks etgan bellashuvda har bir oila oʻz chiqishi orqali maʼnaviyati, madaniyatini eng goʻzal koʻrinishlarda ifodalab, muqaddas qoʻrgʻonning inson hayotidagi oʻrni va ahamiyatini namoyish etdi. 

Tanlovda Termiz garnizonidan kichik serjant Umidjon Karimov oilasi gʻolib boʻldi. Kakaydi garnizonidan kichik serjant Muqum Toʻychiboyev oilasi ikkinchi, Xayraobod garnizonidan III darajali serjant Isomiddin Maxmudovlar oilasi esa uchinchi oʻrinni egalladi.

Gʻoliblar diplom, pul mukofoti va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

III darajali serjant Akbar Ahmedov, Termiz garnizoni