Xalqaro konferensiya: Professional armiya boshqaruvini rivojlanishida innovatsiyalar va raqamlashtirishning oʻrni

0
977

Bugungi kunda Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida zamon talablariga mos professional armiyani modernizatsiya qilish borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Xususan, barcha qoʻshin turlarini doimiy jangovar shay holda tayyorlash va ularning harbiy qudratini yanada oshirish boʻyicha boshqaruvni avtomatlashtirilgan tizimga oʻtkazish yuzasidan turli innovatsion loyihalar, tadqiqotlar o‘tkazilyapti.

Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida tashkil etilgan “Professional armiya boshqaruvini rivojlanishida innovatsiyalar va raqamlashtirishning oʻrni” mavzusida V Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham oʻzida bir qator innovatsion yangiliklar va bu boradagi muammolar yechimiga eʼtibor qaratgani bilan ham muhim ahamiyat kasb etdi.

Har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bu gal 4 ta muhim sho‘badan tashkil topib, maʼruzachilar Qurolli Kuchlarda raqamlashtirilgan tizimlarning dasturiy va texnik taʼminoti, kiberxavfsizlikni rivojlantirish istiqbollari, harbiy kadrlarni tayyorlashda raqamli va innovatsion texnologiyalardan foydalanish samaradorligi, telekommunikatsiya, radioaloqa, radiolokatsiya, simsiz texnologiyalar hamda radioelektron razvedka va kurash tizimlarini rivojlantirish istiqbollari yoʻnalishlarida muhim tahliliy mulohazalarini bildirib oʻtishdi.

Darvoqe, Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan harbiy-diplomatik korpus vakillarining ushbu konferensiyadagi ishtiroki va qimmatli maʼruzalari mavzuning naqadar dolzarbligini yaqqol koʻrsatadi. Shuningdek, konferensiya doirasida “Kibersport” musobaqasi, “Sumorobot” (robotlar janggi) musobaqasi Qurolli Kuchlar tizimidagi innovatsion ishlanmalar koʻrgazmalari ham tashkil etildi.

Oʻtkazilgan ushbu Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya sohadagi koʻplab dolzarb masalalarning yechimini ilmiy yondashuv asosida topishni maqsad qilib qoʻygani bilan ham ahamiyatli boʻldi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti