Markaziy harbiy klinik gospitalda hindistonlik shifokorlar bilan hamkorlikda operatsiyalar o‘tkazilmoqda

0
1551

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida xalqaro hamkorlik doirasida jarrohlik amaliyotlari oʻtkazib kelinmoqda. Bu safargi jarrohlik amaliyotlari hindistonlik shifokorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Tibbiyot bir soniya boʻlsin izlanish va yangilanishdan toʻxtamaydigan soha. Shuning uchun harbiy shifokorlar soha yangiliklaridan boxabar boʻlib, tibbiyoti rivojlangan davlatlar tajribasini oʻrganishdan toʻxtamayapti. Bunga yosh mutaxassislarning oʻtgan yil Janubiy Koreya, Hindiston va Germaniya kabi davlatlarda oʻz malakasini oshirib, olgan tajribalarini yurtimizda tatbiq etib kelayotgani yorqin misol bo‘la oladi.

Bundan tashqari, rivojlangan mamlakatlar mutaxassislarining Markaziy harbiy klinik gospitalida xalqaro hamkorlik doirasida jarrohlik amaliyotlari oʻtkazib kelayotgani ham tahsinga loyiq.

Hindistonlik shifokorlar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan jarrohlik amaliyoti tizza bo‘g‘imida muammosi boʻlgan bemorga implantant oʻrnatish boʻyicha boʻlib oʻtdi. Jarrohlik amaliyoti Hindistondagi nufuzi yuqori boʻlgan “Akash” klinikasi direktori Ashish Choudre boshchiligida oʻtkazildi.

– Bugungi travmatalogiya yoʻnalishida oʻtkazilgan jarrohlik amaliyoti mazkur tibbiyot maskanida avval oʻtkazilmagan, – deydi tibbiy xizmat polkovnigi Xudoyqul Rahimqulov. – Tizza bo‘g‘imlarida muammosi boʻlgan bemorning ikkila tizzasiga ham implantant oʻrnatildi. Malakali mutaxassislar bilan oʻtkazilgan hamkorlikdagi jarrohlik amaliyoti muvafaqqiyatli oʻtdi. Kelgusida kardioxirurgiya, nevroxirurgiya, urologiya, koʻz mikroxirurgiyasi va tarakal xirurgiya kabi yoʻnalishlarda ham xalqaro mutaxassislarni klinikamizga jalb etishni rejalashtirganmiz. Bundan koʻzlangan asosiy maqsadimiz jarrohlik amaliyotini xorijda oʻtkazishi kerak boʻlgan bemorlarga yengillik yaratishdan iborat. Buning uchun Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida barcha shart sharoitlar yaratilgan.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti