Harbiy xizmatchilarning jangovar shayligi tekshiruvdan oʻtkazildi

0
2268

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida joylashgan harbiy qismda yuqori qoʻmondonlik tomonidan toʻsatdan tekshiruv boʻlib oʻtdi.

Toʻsatdan tekshiruv kutilmaganda “Trevoga” signali bilan boshlandi. Butun shaxsiy tarkib tezkor ravishda yuqori jangovar shaylik holatiga keltirildi.

Tekshiruvdan koʻzlangan asosiy maqsad harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini har tomonlama tekshirishdan iborat. Saf koʻrigi davomida harbiy xizmatchilarning libosi, hujjatlari, safar xaltasi, qurol-aslaha va kerakli anjomlari birma-bir koʻzdan kechirildi.

Jangovar amaliyotlarda harbiy xizmatchining harkatlanishini cheklab qoʻyadigan, xatto, umriga zomin boʻladgan xavflardan biri ommaviy qirgʻin qurollaridir. Shu kuni harbiy xizmatchilarni xatarga qarshi maxsus kiyimlarni kiyish boʻyicha saf maydonining oʻzida nazorat sinovi ham qabul qilindi.

Shuningdek, tekshiruvlar davomida harbiy xizmatchilar jangovar tayyorgarlik fanlari boʻyicha test va harbiy topografiyadan nazorat sinovlarini topshirdi.

Xulosa oʻrnida aytganda, oʻtkazilgan tekshiruvda harbiy qismning jangovar tayyorgarligi har tomonlama sinab koʻrildi va yoʻl qoʻyilgan baʼzi kamchiliklarni tuzatish, yurt posbonlarining kasbiy koʻnikmalarini yana oshirish maqsadida zarur tavsiyalar berildi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni