Jismoniy mashgʻulotdan jangovar tayyorgarlikgacha

0
1553

Markaziy harbiy okrug “Forish” poligonida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida jangovar tayyorgarlik tadbirlarini tashkillashtirishga bevosita mas’ul harbiy xizmatchilar ishtirokida o‘quv-uslubiy yig‘in o‘tkazildi.

Yigʻin tonggi badantarbiya mashgʻulotlari bilan boshlashdi. Unda qoʻshinlarda jangovar tayyorgarlik tadbirlarini tashkillashtirishga masʼul harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

– Har qanday jangovar tayyorgarlik jismoniy tayyorgarlikdan boshlanadi, – deydi podpolkovnik Davlat Vahobov. – Agar harbiy xizmatchi jismonan va ruhan chiniqqan boʻlmasa, undan jangovar harakatlarda kutilgan natija olib boʻlmaydi. Shundan kelib chiqqan holda, ushbu yigʻin kun tartibini badantarbiya mashgʻulotlaridan boshlashga qaror qildik. Hattoki, ayrim mashgʻulotlar okruglar oʻrtasida doʻstona raqobatni shakllantirish uchun musobaqaga aylanib ketdi.

Ta’kidlash kerakki, “Forish” poligonida tashkil etilgan mazkur yigʻin olti kun davom etdi. Mudofaa vazirligi jangovar tayyorgarlik bosh boshqarmasi mas’ullari boshchiligida oʻtgan ushbu yigʻinda amaliy mashgʻulotlarga koʻproq urgʻu berildi. Yigʻin ishtirokchilari bilan otish tayyorgarligi, zamonaviy harbiy mojarolarda boʻlinmalarni qoʻllash tajribalari, uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish, niqoblanish, artilleriyachilar bilan ishlash, harbiy aviatsiya, tank va tankka qarshi qurollar, front orti taʼminoti kabi bir qancha yoʻnalishlarda soha mutaxassislari tomonidan amaliy chiqishlar namoyish etildi.

Ayniqsa, umumqoʻshin boʻlinmalari bilan togʻda jang olib borish tayyorgarligi boʻyicha amaliy mashgʻulotlar yigʻin ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Bunda, harbiy xizmatchilar dengiz sathidan 3,5 ming metr balandlikdagi togʻ qoyalarida 3,5-4 kilometr masofagacha oʻrnashib olgan shartli dushman bilan jang olib bordi. Maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan va tish tirnogʻigacha qurollangan shartli dushmanga qarshi toʻgʻri tadbir va harbiy harakatlar natijasida ular tor-mor etildi.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti