Oila – tarbiya oʻchogʻi, komillik bahri

0
837

Oila – sarbaland orzular shahri,

Tarbiya oʻchogʻi, komillik bahri.

Shaʼni Vatan qadar aziz, ulugʻvor,

Xiyonat poyida topmasin zavol.

Kiftingda pok asra, baxt gavhari u,

Insonga omonat Haq nazari u.

Oila hamisha insonning yuzi, shaʼni, obroʻsi boʻlib kelgan. Jamiyat oilalarga qarab shakllanadi. Chunki oilalardagi ahil-inoqlik, obodlik va chiroyli muhit albatta jamiyatga oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Oilalar obodki yurt obod, deb bejiz aytishmaydi. Bir soʻz bilan aytganda, Vatanning kichik boʻlagi boʻlgan oilalar qay darajada mustahkam va namunali boʻlsa millat istiqboli nurli boʻladi.

Mudofaa vazirligi tizimida oʻtkazib kelinayotgan harbiy oilalar oʻrtasidagi koʻrik-tanlov bu yil ham anʼanaviy tarzda davom etmoqda. Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligida “Yangi Oʻzbekistonning ibratli oilasiman” shiori ostida “Ibratli harbiy oila” koʻrik-tanlovining ikkinchi bosqichi boʻlib oʻtdi.

Tanlovda qoʻmondonlik tasarrufidagi harbiy qism va muassaslarda faoliyat yuritayotgan 6 nafar harbiy xizmatchi oʻz oilasi bilan ishtirok etdi. Ular “Oilam – mening baxtim”, “Men uddaburon oila bekasiman”, “Farzandim – dilbandim”, “Sanʼatim – saodatim” kabi toʻrtta shart boʻyicha oʻzaro bellashdilar.

Ishtirokchilarning har bir chiqishi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi xodimi, taniqli yozuvchi Luqmon Boʻrixon boshchiligidagi nufuzli hayʼat aʼzolari tomonidan odilona baholab borildi.

Shuni alohida taʼkidlash joyizki, koʻrik-tanlovda ishtirok etgan harbiy oilalarning barchasi oʻziga xos tarzda astoydil tayyorgarlik koʻrgan. Ayniqsa harbiy oila bekalari va farzandlarining faolligi yaqqol koʻzga tashlandi. Tanlov davomida goʻzal bekalar donoligi, bilimdon va sanʼatga oshuftaligi, pazanda va uddaburoligi bilan eʼtirof topgan boʻlsa, oʻgʻil-qizlari suhandonligi, chet tillarini yaxshi oʻzlashtirgani, rassomlik qobiliyati, sportda va sanʼatda iqtidorli ekani bilan olqishlarga sazovor boʻldi.

Har bir tanlov oʻz qahramonlarini kashf etadi. Garchi, bellashuvda harbiy oilalar bir-birlaridan katta tafovutda ustun boʻlmasalar-da, oʻrin belgilanishi shart. Shunga koʻra hayʼat aʼzolari shaffof tarzda qoʻygan ballarni eʼlon qildi. Unga koʻra “Ibratli harbiy oila” koʻrik-tanlovining qoʻmondonlik bosqichida 1-oʻrin 3-darajali serjant Xushnud Hasanovlar oilasiga nasib etdi. 2-oʻringa katta serjant Nuriddin Pardayev hamda kichik serjant Hikmat Badalovlar oilasi munosib topildi. Uchinchi oʻrinni esa kichik serjant Shavkat Nazarovlar oilasi egalladi.

Nominatsiyalar boʻyicha katta leytenant Ibrohim Rajabovlar “Eng ahil oila”, kichik serjant Murodjon Oʻsarovlar esa “Eng quvnoq va zukko farzandlar oilasi” nomiga munosib topildi.

Tanlovda ishtirok etgan barcha ishtirokchilar diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Zulfiya YUNUSOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti