“Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi

0
703

Toshkent garnizonidagi harbiy qismda “Vatan tayanchi” otryadi oʻquvchilari oʻrtasida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining Toshkent shahar bosqichi boʻlib oʻtdi.

Musobaqada Toshkent shahri tumanlaridan jami 12 ta jamoa ishtirok etib, respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritish uchun shiddatli va murosasiz bahslarni olib bordi.

Harbiylikka ishtiyoqi baland boʻlgan otryadning yosh aʻzolari “Safda qoʻshiq aytish”, “Mohir mergan”, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish” kabi shartlarda oʻzlarining chaqqonlik va mohirliklarini namoyon etgan boʻlsa, “Temur tuzuklari bilimdoni” shartida ularning bilimlari sinovdan oʻtkazildi.

Yakuniy natijalarga koʻra, 1-oʻrin Uchtepa tumanining “Temurbeklar” jamoasi qoʻlga kiritgan boʻlsa, 2-oʻrinni Chilonzor tumanining “Burgutlar” jamoasi hamda 3-oʻrinni Mirobod tumanining “Yosh gvardiyachilar” jamoasiga nasib etdi.

Shuningdek, musobaqa davomida “Eng yaxshi mergan”, “Eng yaxshi sportchi” va “Amir Temur tuzuklari bilimdoni” kabi nominatsiyalar boʻyicha eng ilgʻor oʻquvchilar ham aniqlandi.

Musobaqaning tantanali yopilish marosimida Mudofaa vazirligi “Vatan tanyanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati rahbari polkovnik Bahrom Zulfiqorov, okrug qoʻmondonligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ittifoqi shahar kengashi ishtirok etib, yoshlarga kelgusi musobaqalarda omad yor boʻlishini tiladi va gʻolib jamoaga Toshkent harbiy okrugi qoʻmondoni kubogi topshirildi.

Qolgan barcha sovrindor jamoalar diplom, hamda qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Eslatib oʻtamiz, ushbu bosqichda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan jamoa keyingi — respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritadi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti