“Vatanparvarlar” musobaqasining Samarqand viloyati bosqichi oʻtkazildi

0
594

Markaziy harbiy okrugning “Sazagan” okrug poligonida “Vatan tayanchi” otryadi oʻquvchilari oʻrtasida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining Samarqand viloyati bosqichi boʻlib oʻtdi.

Musobaqada viloyatning 2 ta shahar va 14 ta tumanidan jami 16 ta jamoa ishtirok etib, respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritish uchun shiddatli va murosasiz bahslarni olib bordi.

Harbiylikka ishtiyoqi baland boʻlgan samarqandlik yoshlar “Safda qoʻshiq aytish”, “Mohir mergan”, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish” kabi shartlarda oʻzlarining chaqqonlik va mohirliklarini namoyon etgan boʻlsa, “Temur tuzuklari bilimdoni” va “Yoʻl harakati xavfsizligi qoidalari aʻlochisi” kabi shartlar boʻyicha bilimlari sinovdan oʻtkazildi.

Yakuniy natijalarga koʻra, 1-oʻrin Pastdargʻom tumanining “Sardor” jamoasiga nasib etgan boʻlsa, 2-oʻrinni Kattaqoʻrgʻon tuman “Qalqon” jamoasi va faxrli 3-oʻrinni Kattaqoʻrgʻon shahar “Temur izdoshlari” jamoasi band etdi.

Shuningdek, musobaqa davomida “Eng yaxshi mergan”, “Eng yaxshi sportchi” va “Amir Temur tuzuklari bilimdoni” kabi nominatsiyalar boʻyicha eng ilgʻor oʻquvchilar ham aniqlandi.

Musobaqaning tantanali yopilish marosimida, okrug qoʻmondonligi, viloyat hokimligi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, “Vatanparvar” tashkiloti hamda faxriylar ishtirok etib yoshlarga kelgusi musobaqalarda omad yor boʻlishini tilab, gʻolib va sovrindorlarga diplom, kubok va qimmatbaho sovgʻalarni topshirishdi.

Markaziy harvbiy okrug matbuot xizmati