Amir Temur — buyuk shoh va sarkarda

0
628

Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 13-umumta‘lim maktabida Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti tashabbusi bilan buyuk sarkarda Amir Temur tavalludining 687 yilligi munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi. Unda keng jamoatchilik vakillari, harbiy institut xodimlari, o‘quvchi yoshlar hamda kursantlar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida o‘quvchilar uchun Sohibqiron Amir Temur haqida qisqacha videorolik namoyish etildi. Yoshlarga uning zafarli yurishlari, jang maydonida olib borgan taktikalari, u tuzgan ulkan saltanati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shundan so’ng, birin-ketin kursantlar va oʻquvchi yoshlar tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishlari tomoshabinlar eʼtiboriga havola etildi. O‘quvchilar tomonidan buyuk sarkarda siymosini sahnada mohirona aks ettirilishi hammaning olqishiga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug boshqaruv apparati madaniyat saroyida ham “Amir Temurni yod etib” nomli tadbir boʻlib oʻtdi. Ofitserlar, serjantlar, askarlar hamda Qurolli Kuchlar xizmatchilari ishtirokidagi tadbirga tarixchi olimlar hamda viloyatning taniqli ijodkorlari tomonidan Amir Temur haqida, uning bosib oʻtgan shonli umr yoʻli borasida maʻruzalar qilinib, sahna koʻrinishlari namoyish etildi.

Jarayonlarda ishtirokchilar ham bobokalonimiz haqida oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.

Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida tashkil etilgan tadbirda esa Qarshi davlat universitetining tarixchi mutaxassislari ishtirok etib, “Amir Temur saltanatida davlat va harbiy boshqaruv tizimi”, “Xalaro munosabatlar tarixida Amir Temur shaxsiyati” mavzularida maʻruzalar qildi.