“Oila – muqaddas qoʻrgʻon”

0
625

Yuqoridagi sarlavhaning oʻziyoq tadbir mazmun-mohiyatini anglatib turibdi. Eʼtiborli tomoni shundaki, mazkur tadbir odatdagi rasmiy tadbirlardan, yaʼni uzundan uzoq maʼruzalar, tanlangan odamlar fikrini bildirishi kabi nomigagina tashkillashtiriladigan tadbirlardan farq qiladi.

Mudofaa vazirligi oila boʻlimi – xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan ishlash boʻyicha bosh mutaxassisi Zulfiya Mansurova, mutaxassis Zarifa Turdiyeva kursantlar huzurida turib, savol-javob tarzidagi bugungi tadbirda har kim oʻz fikrini erkin bayon etishi maqsadga muvofiqligini taklif etdilar.

Haqli taklif. Chunki oila bir kishining qarashlari va xulosalaridan iborat emas. Auditoriya ayni oila qurish yoshida boʻlgan kursantlardan iborat boʻlgach har bir yoshning fikri, dunyoqarashiga quloq tutish muhimdir. Savollar ham hech kimni beparvo qoldirmaydi: “Oʻqimishli qizga uylanish nima beradi?” “Kimning tanlovi muhim: ota-onangiznimi yoki oʻzingizni?” “Oila budjeti kimda saqlanishi muhim?” “Kelin, boʻlgʻusi rafiqangiz ota-onangiz xizmatini qilishi kerakmi?”

Ayting-chi, shu savollarga siz loqayd boʻla olasizmi? Kursantlar ham shunday. Bugunning yoshlari ayrim qarashlari bilan kattalarni shoshirib qoʻyishlari ham bor gap. Ularni tinglab, ayol, ona sifatida koʻnglim sururga toʻldi. Maqsadlar ulugʻ, niyatlar ezgu, qalblari uygʻoq! Ularning har biri tutumlari, anʼanalari turlicha boʻlgan, bir-birini takrorlamaydigan oilalarda ulgʻaygan. Bir narsada yakdillar: mehr, muhabbat, ishonch ustuvor mukammal oila qurish!

Qizgʻin bahslar bilan kechgan mazkur tadbir ikki soat ichida yakuniga yetishi qiyin. Chunki bu OILA degan mavzu. Ammo shu ikki soat oila mavzusidagi eng yorqin saboqlardan biri boʻlib qolganiga umid qilamiz.

Inobat IBROHIMOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti