Qarshqadaryo va Sirdaryoda “Vatanparvarlar” musobaqasi g‘oliblari aniqlandi

0
551

Qarshi shahrida joylashgan Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida “Vatan tayanchi” otryadi oʻquvchilari oʻrtasida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining Qashqadaryo viloyati bosqichi boʻlib oʻtdi.

“Safda qoʻshiq aytish”, “Mohir mergan”, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish” kabi shartlarda oʻquvchilar o‘z chaqqonlik va mohirliklarini namoyon etgan boʻlsalar, “Temur tuzuklari bilimdoni”, “Yoʻl harakati xavfsizligi qoidalari aʻlochisi” kabi shartlar ularning nazariy bilimlari sinovdan oʻtkazildi.

Shiddatli va murosasiz kechgan bahslarni Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi, Qarshi harbiy prokuraturasi, Mudofaaga koʻaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti hamda mezbon OHBY xodimlari diqqat bilan nazorat qilib bordi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-oʻrin Koson tumanining “Turon arslonlari” jamoasiga nasib etgan boʻlsa, 2-oʻringa Muborak tumani “Yosh lochinlar” jamoasi loyiq ko‘rildi. Faxrli 3-oʻrinni Shahrisabz tuman “Sohibqiron” jamoasi band etdi.

Shuningdek, faolligi bilan ajralib turgan oʻquvchilar “Eng yaxshi mergan”, “Eng yaxshi sportchi” va “Amir Temur tuzuklari bilimdoni” kabi nominatsiyalar boʻyicha eʻtirof etildi. Gʻoliblar diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, Guliston shahrida ham Sirdaryo viloyatidagi o‘quvchi yoshlar ishtirokida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining viloyat bosqishi bo‘lib o‘tdi. 

Qizgʻin va murosasiz kechgan bahslarda yoshlar nafaqat jamoaviy birinchilik, balki yakkalik tartibidagi turli nominatsiyalar uchun ham kurash olib bordi. Musobaqani baholab borgan malakali harbiy xizmatchilar hamda mutaxassislarning xulosasiga koʻra,3-o‘rinni Guliston tumanidan kelgan jamoa qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘ringa mezbon shahar jamoasi loyiq ko‘rildi. Faxrli birinchi o‘rinni Mirzaobod tumani jamoasi egalladi. G‘olib va sovrindorlar diplom va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.